Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 63-sessiyasi toʻgʻrisida axborot

Туман янгиликлари

2023 yil 25 avgust kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi – 63-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyani Xalq deputatlari tuman Kengashi raisining o‘rinbosari G‘ulomjon Eshniyozov ochdi va olib bordi.

Sessiya kotibligiga 22-Jumurtov saylov okrugidan deputat Baxram Shermanov saylandi.

Sessiyada deputatlar, tuman hokimi o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, bo‘limlar, tashkilotlar rahbarlari, fuqarolar yig‘inlari raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyada dastlab hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining ijrosi, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” tuman dasturining bajarilishi, yoshlar muammolarini hal etish, ularning iste’dodi va qobiliyatlarini rivojlantirish borasidagi ishlar va qonunchilik hujjatlarining o‘z vaqtida ijro etilishi to‘g‘risida tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Rashid Salayevning hisoboti tinglandi.

Hisobotda qayd etilganidek, joriy yilning birinchi yarmida asosiy ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar sezilarli darajada o‘sgan. Jumladan, sanoat hajmi 368,1 mlrd., xalq iste’mol mollari hajmi 92,9 mlrd., qishloq xo‘jaligi hajmi 755,4 mlrd., investitsiyalar hajmi 238,7 mlrd., qurilish ishlari hajmi 167,3 mlrd., chakana savdo hajmi 376,3 mlrd., xizmatlar hajmi esa 311,3 mlrd. so‘mni tashkil qilib, barcha sohalarda o‘sish qayd etilgan.

Hududiy investitsiya loyihalari dasturi bo‘yicha 2023 yilda tumanda 200,7 mlrd. so‘mlik 65ta loyihalari amalga oshirilishi va 924 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan.

Sessiya ishida tuman Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi raisi Qayrulla Atamuratov odil sudlovni amalga oshirish borasida 2023 yil 2 yanvardan 30 iyungacha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.

Axborotda ta’kidlanganidek, Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan ushbu davr holatiga ko‘ra fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoyalanishini ta’minlash, ishlarni qonunda belgilangan muddatlarda sifatli ko‘rib chiqish va aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini olib borish bo‘yicha qator amaliy ishlar qilindi. Ushbu davrda sud tomonidan 2467ta ish ko‘rib tamomlangan.

Tuman Moliya bo‘limi mahalliy budjet ijrosi va hisobi sektor boshlig‘i Abay Sag‘inbayev sessiyada tuman mahalliy budjeti mablag‘larining 2023 yil 6 oyi davomida sarflanishi to‘g‘risida hisobot berdi. Ta’kidlanganidek, 2023 yil 6 oyi davomida mahalliy budjetning daromadlar qismi rejasi 35 milliard 429,1 million so‘mga belgilangan bo‘lib, 41 milliard 219,7 million so‘mga, ya’ni rejaga nisbatan 116,3 foizga yoki 5 milliard 790,7 million so‘m ortig‘i bilan bajarilishiga erishilgan. Shu bilan birga, budjet xarajatlari rejasi kiritilgan o‘zgarishlardan keyin jami 173 milliard 71,5 million so‘mni tashkil qilgan. Ushbu davr mobaynida budjet mablag‘lari xarajatlari hisobidan jami 154 milliard 766,1 million so‘mlik mablag‘lar sarflangan.

Sessiyada tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabov aholidan kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilgan holda, hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligini o‘rganish yakunlari to‘g‘risidagi masala yuzasidan axborot berdi. Axborotda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga 2023 yil 31 iyul sanasiga qadar tuman aholisi tomonidan jami 2463ta masalalar bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan. Shundan 2433tasi ko‘rib chiqilgan bo‘lib, 1956tasi qanoatlantirilgan, 1209tasi ijobiy hal qilingan.

Sessiyada zahiradagi yer maydonlarini ochiq elektron tanlovga chiqarish bo‘yicha tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Ilhom Palvanov hisobot berdi. Hisobotda bugungi kunda «e-auksion» elektron platformasiga qo‘yilgan yer maydonlariga fuqarolar tomonidan hujjatlar taqdim qilinmasdan qayta savdoga chiqarilayotgani, shuni inobatga olib, tumanning ba’zi hududlarida yer maydonlarini 2 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda kattalashtirib elektron savdolarga chiqarish taklif qilindi. Taklif deputatlar tomonidan tasdiqlandi.

Sessiyada Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Kun tartibidagi barcha masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati