EHTIYOJMAND OILALAR FARZANDLARIGA MAKTAB FORMALARI TOPSHIRILDI

Туман янгиликлари

Ma’lumki, 2021 yil 30 iyul kuni O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining “Kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Mazkur qaror bilan ijtimoiy himoyaga va har tomonlama ko‘makka muhtoj oilalar farzandlarining bilim olishlari uchun sharoitlar yaratish, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etildi.

Qarorda aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan tizimli ishlarni izchil davom ettirish hamda moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlarini maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta’minlash xarajatlarini budjet mablag‘lari hisobidan qoplash ko‘zda tutilgan.

Barchamizga ma’lumki, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida maktab formasining joriy qilinishidan o‘quvchilarning kiyinish madaniyati va tartib-intizomga amal qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash, salomatliklarini muhofaza qilish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish, ularni ma’naviy va jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsad qilingan.

Albatta, yangi o‘quv yili oldidan ota-onalardan maktab yoshidagi farzandlari uchun yangi ust-bosh xarid qilishadi. Bunga barcha oilalarda ham imkon bo‘lmasligi mumkin. Shularni inobatga olgan holda Prezidentimizning yuqoridagi qarori asosida ijtimoiy himoyaga va har tomonlama ko‘makka muhtoj oilalar farzandlari o‘quv qurollari va maktab formalari bilan ta’minlanmoqda.

25 avgust kuni Amudaryo tumani Maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli 55-sonli maktab binosida ham tumandagi ehtiyojmand oilalarning 200 nafar farzandlariga maktab formasi hamda o‘quv qurollari topshirildi.

Tadbirda tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Rashid Salayev, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘basi mudiri Ibragim Rajabov, mas’ul xodimlar, shuningdek, o‘quvchi yoshlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbirda tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Rashid Salayev so‘zga chiqib, mazkur xayrli ish tumanimizdagi ehtiyojmand oilalarni yanada qo‘llab-quvvatlash, kam ta’minlangan oilalar farzandlarining sifatli va tizimli umumiy o‘rta ta’lim olishiga amaliy yordam berish, moddiy jihatdan qiynalgan oilalar farzandlarini maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta’minlanishiga yordam berish maqsadida amalga oshirilayotganini ta’kidlab, tumanimizda ushbu masala yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida aytib o‘tdi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, bugungi kunda Amudaryo tumani Maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli 85 ta umumta’lim maktablari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularda 38 ming 476 nafar o‘quvchilar ta’lim-tarbiya olib kelmoqdalar. O‘quvchilarning yangi o‘quv yilida sifatli ta’lim-tarbiya olishlari uchun umumta’lim maktablarida keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borildi. Ta’lim maskanlari binolaridagi mavjud kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan mas’ullar so‘nggi yillarda yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor hamda yoshlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishlari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, shart-sharoitlar xususida to‘xtalib, o‘quvchi yoshlarni ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanib, ustozlari berayotgan bilimlarni chuqur egallashga, yurtimizga munosib farzand bo‘lishga chorladilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati