PROBATSIYA NAZORATIDAGI 7 NAFAR MAHKUM MUDDATIDAN ILGARI JAZODAN OZOD ETILDI

Туман янгиликлари

Probatsiya hisobida turgan shaxslarning aksariyatiga sodir qilgan jinoyati, qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlgani uchun imkoniyat berilmoqda. Ular sud tomonidan belgilangan jazolarning maʼlum qismini oʻtab, muddatidan oldin ozod boʻlishmoqda.

22-avgust kuni Amudaryo tumanining Navoiy nomli mahallada Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi tomonidan Probatsiya nazoratidagi mahkumlarga doir taqdimnomalarni koʻrib chiqish maqsadida sayyor sud oʻtkazildi.

Fuqarolar yigʻini binosida boʻlib oʻtgan mazkur sud ishida Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi, tuman Ichki ishlar boʻlimi Jamoat xavfsizligi xizmati Probatsiya guruhi, fuqarolar yigʻini masʼullari hamda Probatsiya nazoratidagi shaxslar ishtirok etishdi. Sudda Amudaryo tumani ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi tomonidan 7 nafar mahkumlarga nisbatan kiritilgan taqdimnomalar koʻrib chiqildi.

Sud majlisida jazoga tortilgan ayrim shaxslarning mehnatga halol munosabatda boʻlib, belgilangan tartib-qoidalarga qatiy rioya etib, tuzalish yoʻliga oʻtib, sudlar tomonidan oʻrnatilgan cheklovlarga toʻliq amal qilgani hamda hulq-atvorini ijobiy tomonga oʻzgartirgani uchun jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etilayotgani aytib oʻtildi. Bu oʻz navbatida mamlakatimizda soʻnggi yillarda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash yoʻlida yuz berayotgan oʻzgarishlar samarasi ekanligi taʼkidlandi.

Shundan soʻng, taqdimnomalar kiritilgan mahkumlarga doir ish koʻrib chiqildi va ish boʻyicha toʻplangan barcha hujjatlar va dalillar oʻrganilib, taraflarning fikrlari tinglandi.

Mahkumlardan biri Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi bilan 2 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. U oʻtgan yildan boshlab, oilaviy korxonada ishchi boʻlib ishlagan, 8 oylik jazoni oʻtash davrida tartib va qoidalariga toʻliq amal qilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan 3 yil muddatga 20 foiz axloq tuzatish ishlari jazosiga tortilgan mahkum ham qurilish tashkilotlardan birida ishchi boʻlib ishlab, jazoni oʻtash davrida tartib va qoidalariga toʻliq amal qilgan.

Jinoyat kodeksining 266-moddasiga koʻra 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga sudlangan 2 nafar mahkumlar ham qurilish tashkilotlaridan biriga ishga qabul qilingan. Hozirgi kunga qadar ishlab kelayotgan bu shaxslar ham jazo muddatining 8 oyi davomida oʻzining jinoiy qilmishlarini toʻliq anglab yetgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtib, belgilangan tartiblarga amal qilgan. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 167-, 277-, 104-moddalari bilan tegishli jazoga tortilgan mahkumlar ham probatsiya nazorati davomida oʻz qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlib, berilgan imkoniyatdan toʻgʻri foydalangan va qoidalarga rioya qilgan.

Sud ishi yakunida sodir qilgan jinoyatining oqibatlarini toʻla anglab yetgan, axloqan tuzalish yoʻliga oʻtgan mahkumlar uchun yana bir imkoniyat berilishi maʼlum qilindi. Ularning jamiyatda oʻz oʻrnini topishi, munosib xulq-atvorda boʻlib, Vatan taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshishi, oilasida tinch-xotirjam yashashiga ishonch bildirildi. Ushbu shaxslar jazo oʻtash tartib-qoidalariga amal qilib, sud tomonidan zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajargani, mehnatga halol munosabatda boʻlgani uchun oʻtalmagan jazo muddatidan Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.

Ozod etilgan mahkumlar oʻz navbatida xalqimizga xos boʻlgan bagʻrikenglik bilan qilmishlari kechirilgani uchun davlatimizga minnatdorlik bildirishdi. Jamiyatda oʻz oʻrnini topishga va yurtimiz rivojiga munosib hissa qoʻshishga qatʼiy soʻz berishdi.

A.Safarov, Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi raisi.

R.Iskandarov, tuman IIB JXX Probatsiya guruhi katta inspektori.