FAOL MAʼNAVIYAT TARGʻIBOTCHISI

Туман янгиликлари

Yurtimiz umumiy o‘rta ta’lim maktablarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktori o‘rinbosarlari zimmasiga maktab ta’limini umummilliy harakatga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, o‘quvchilarning kitobxonlik darajasini oshirish, ularni xalqimizning milliy qadriyat, an’analarini asrab-avaylashga, hurmat qilishga o‘rgatish asnosida ongida ma’naviy immunitetni mustahkamlash kabi biri-biridan muhim vazifalar yuklangan.

Shuningdek, o‘qituvchilar jamoasida sog‘lom ma’naviy muhitni yaratish, ilg‘or, o‘z kasbiga ijodiy yondoshadigan, intiluvchan o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularga o‘z ustida ishlashlari uchun munosib sharoitlar yaratish, namunali o‘qituvchilar tajribalarini ommalashtirish orqali muassasada ta’lim sifatini oshirishga erishish ham ularning zimmasida.

Amudaryo tumanining Qipchoq shaharchasida faoliyat yuritayotgan 11-sonli maktab tumandagi eng yoshi ulug‘ ta’lim muassasalaridan biri sanaladi. Faoliyati davomida maktabda ta’lim olgan o‘quvchilardan turli sohalar bo‘yicha olim-u fuzalolar, ijodkorlar, san’atkorlar, qishloq xo‘jaligi fidoyilari yetishib chiqqan maktabning nufuzi hozirgi kunda ham namunali, deyish mumkin.

Maktab o‘quvchilari “Eng namunali sinf sardorlari”, “Kamalak bilimdonlari”, “Eng namunali maktab sardorlari” tanlovlarida, asosiy fanlar olimpiadalarida munosib o‘rinlarni egallab kelishayapti. “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarida o‘quvchilar sportning mini futbol, yengil atletika, voleybol, shaxmat turlari bo‘yicha tumanda 1-, 2-o‘rinlarni egallashdi. Joriy yilgi bitiruvchilarning 1 nafari Ichki ishlar akademiyasiga o‘qishga kirdi, 2 nafar o‘quvchi ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha B2 sertifikatiga ega, 2 nafar o‘quvchi maktabni oltin medal bilan tugatdi. Bu natijalar joriy yilgi bitiruvchilarining oliygohlarga kirish reytingi yana ham oshishiga xizmat qiladi.

Muassasada qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Qunduzoy Xolmurodovaning munosib hissalari bor. Asli o‘qituvchilar oilasi vakilasi bo‘lgan Qundozoy ushbu maktabda ta’lim olgan, a’lo baholarga o‘qish bilan birga she’rlar, hikoyalar yozib turar, ijod namunalari “Jetkinshek”, “Amudaryo haqiqati” (hozirgi “Taraqqiyot ko‘zgusi”) gazetalari yoritilardi.

U 2005 yilda 11-sonli maktabni tugatib, shu yili Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining filologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. Oliygohda ham ilmiy-amaliy anjumanlarda faol ishtirok etib, iqtidorini namoyish etdi. 2009 yilda oliygohni tugatib, o‘zi o‘qigan maktabda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi bo‘lib ilk mehnat faolitini boshladi. Shuningdek, yoshlar yetakchisi vazifasida ishladi.

Ayni kunda esa maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida sidqidildan mehnat qilayapti. Shu boisdan ham maktabda turli mavzulardagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yuksak saviyada o‘tkaziladi, ta’sirchanligiga erishiladi. Oliygohlarda ta’lim olayotgan talabalar, oliygohlarni bitirib, turli sohalarda mehnat qilayotgan maktabning sobiq o‘quvchilari bilan tez-tez o‘quvchilarning uchrashuvlarini o‘tkazib turishga alohida e’tibor qaratadi. Hududning ulkan hayotiy tajribaga ega nuroniy otaxonlari, onaxonlari, ibratli oilalar vakillari bilan uchrashuvlar esa o‘quvchilar uchun ibrat maktabi bo‘layotir.

Qunduzoy Xolmurodova o‘quvchilarning kelajagi uchun qanday kasbni tanlashidan qat’iy nazar, ma’naviyatli, odobli va fidoyi bo‘lib kamolga yetishiga intiladi. Bu niyatlari uni doimo g‘ayrat-shijoat bilan ishlashga undayveradi.

Oygul RAJABOVA