SUVNI KAM TALAB ETADIGAN EKINLAR EKISHGA E'TIBOR KUCHAYMOQDA

Туман янгиликлари

Mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarining rivoji ko‘p jihatdan qishloq xo‘jaligiga bog‘liq. O‘tgan davr mobaynida qishloq xo‘jaligida bozor munosabatlarini joriy etish, ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirildi.

Xususan, mamlakatimizda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish va uni rivojlantirishga qaratilgan qator qonun va qarorlarning qabul qilinishi hududlarda qishloq xo‘jaligi sohasiga e’tiborning kuchayishiga olib kelmoqda. Jumladan, mavjud fermer xo‘jaliklarining barchasi ko‘p tarmoqli shaklida faoliyat yurita boshlagani bu faoliyat turini yuqori darajada rivojlantirish zarurligini belgilaydi

Respublikada ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish bilan birga uning faoliyati samaradorligini ta’minlash ham muhim masalalardan biri hisoblanadi. Samaradorlik doimo dolzarb hisoblanib, ishlab chiqarish faoliyatining iqtisodiy yuksalishini ta’minlaydi. Ayniqsa, bozor iqtisodiyoti sharoitida kam resurs sarflagan holda mo‘l hosil va daromad olishga qiziqish yanada ortib bormoqda.

Amudaryo tumanida ham yerdan mo‘l hosil yetishtirib, dehqonchilik madaniyatini oshirishga astoydil intilayotgan, sohada yuksak natijalarga erishib, o‘z faoliyati bilan barchaga namuna bo‘layotgan fermer xo‘jaliklari ko‘plab topiladi. Toshyop ovulida faoliyat ko‘rsatayotgan “Bekman Allaberganov” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi shularning biri desak, adashmagan bo‘lamiz.

Yer bilan tillasha oladigan, qishloq xo‘jaligi sohasida ulkan tajribaga ega Ilhom Palvanovning sa’y-harakatlari bilan “Bekman Allamberganov” fermer xo‘jaligi nafaqat ovulda, balki, tumanda dehqonchilikdan ulkan daromad olayotgan xo‘jaliklardan biriga aylandi.

2003 yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan ko‘p tarmoqli xo‘jalikda mahsulot yetishtirish rejalari har yili barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ortig‘i bilan ado etib kelinmoqda.

Mazkur xo‘jalikda hozirgi kunda 62 gektar ekin maydoni mavjud. So‘nggi yillarda paxta, bug‘doy ekilgan maydonlarning hosildorligi sezilarli darajada oshdi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda mamlakatimizda dehqonchilik qilinadigan maydonlarda suv tanqisligi muammosi tobora yaqqol namoyon bo‘layotir. Shularni e’tiborga olgan holda ekin maydonlarini suv tejovchi texnologiyalar yordamida sug‘orish hamda suvni kam talab etiladigan ekinlarni ekishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Bekman Allaberganov” fermer xo‘jaligida ham bu borada yetarli sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Suvni tejash maqsadida ekin maydonlari lazerli uskunalar bilan tekislanib, dalalarning ma’lum qismi suv tejovchi texnologiyalar yordamida sug‘orilmoqda. Bug‘doy hosili yig‘ib olingan yerlarning bir gektarida esa suvni kam talab qiladigan mosh mahsuloti yetishtirilmoqda.

Shuningdek, fermer xo‘jaligi dalalaridan birida intensiv bog‘, uzumzor tashkil etilgan. Hozirgi kunda ushbu maydonlardagi mosh ekini hosil to‘plamoqda. Intensiv bog‘da esa olmalarning turli navlari hosili ko‘pligidan shoxlari egilib turibdi. Yangidan tashkil etilgan bir gektarlik uzumzor ham hosilga kira boshlagan. Tajribalardan ma’lumki, uzumzorlar ham suvni kam talab qiladi va mo‘l daromad beradi. Suv tanqisligi sharoitida bu dehqonlarga juda qo‘l keladi.

Fermer xo‘jaligi rahbari bundan keyin ham suvdan unumli foydalanishga katta e’tibor qaratib, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlarni muntazam ravishda kengaytirib borishni niyat qilgan.

 Tuman hokimligining Axborot xizmati