TUMANIMIZDA MAMLAKATIMIZ MUSTAQILLIGINING 32 YILLIGI KENG NISHONLANDI

Туман янгиликлари

Xalqimiz O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yillik sanasi – eng ulug‘, eng aziz bayramimizni ko‘tarinki kayfiyatda qarshi olmoqda.

Har bir yurtdoshimiz ko‘nglida shu aziz Vatan fuqarosi ekanligidan yuksak faxr-iftixor tuyg‘ulari jo‘sh urmoqda. Boisi, o‘tgan 32 yil mobaynida yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va yuksak orzulari yo‘lida qilgan fidoyiliklari evaziga yurtimiz o‘zgacha chiroy ochdi, milliy o‘zligimiz, qadimiy tariximiz, madaniyatimiz, qadriyat va urf-odatlarimiz qayta tiklandi.

Davlat va jamiyat hayotining tub asoslari o‘zgarib, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadr-qimmatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Barcha soha va tarmoqlarda tub islohotlar amalga oshirilib, demokratik yangilanish jarayonlari shiddat bilan kechayotir. O‘tgan davr baxtiyor va erkin hayotni, buyuk kelajakni mustaqillik asosidagina qurish mumkinligini ko‘rsatdi.

Yangilangan Konstitutsiyaning qabul qilinishi joriy yilgi mamlakatimiz siyosiy hayotidagi muhim voqealarning biri bo‘ldi.

Keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, yangilanishlarni har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida yaqqol his qilayapdi. Har bir fuqaroning o‘z hayotidan mamnun bo‘lib yashashiga erishilayotgani, ularning haq-huquqlari va erkinliklari himoya qilinayotgani ertangi kunga ishonchini yanada oshirmoqda.

Butun mamlakatimiz aholisi kabi amudaryoliklar ham bugungiday  farovon hayotga yetkazgan mustaqilligimizning 32 yilligini keng nishonladilar.

29 avgust kuni Do‘stlik mahallasida joylashgan sport maktabi o‘yingohida  «Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!» shiori ostida o‘tkazilgan tantanali bayram tadbirida tuman hokimligi mas’ullari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va tuman Kengashi deputatlari, tumanimizdagi davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, fuqarolar yig‘inlari raislari,  tadbirkorlar, nuroniylar, faol yoshlar hamda aholi vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirda tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Rashid Salayev nutq so‘zlab, barcha yurtdoshlarimizni mamlakatimiz mustaqilligining 32 yillik bayrami bilan qizg‘in muborakbod etdi.

Bayram tadbirida iste’dodli san’atkorlar, havaskor yoshlar va badiiy jamoalar ishtirokida Vatan, mustaqillik, tinchlik va do‘stlikni tarannum qiluvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Rang-barang bezaklar, turfa gullar va sharlar bilan bezatilgan katta sahna, monitorda aks etgan obod go‘shalar, istiqlol shukuhi maydonga yanada fayz kiritib, tomoshabinlarga ko‘tarinki ruh baxsh etdi.

Bayram  tabrigidan so‘ng, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari Davlat madhiyalari yangrab, tuman Turizm va Madaniyat bo‘limi tomonidan «Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!» shiori asosida tayyorlangan bayram tomoshasi boshlandi.

Istiqlol shukuhi aks etgan  ulkan teatrlashtirilgan bayram dasturida xalqimizning istiqlolgacha va istiqlolning dastlabki yillarida bosib o‘tgan mashaqqatli va sharafli  yo‘li, bugungiday ozod va obod turmush tarzi bunyodkorlarining mehnatlari aks ettirildi,  emin erkin, betashvish ulg‘ayayotgan, kelajagimiz egalari bo‘lgan jajji bolajonlarning quvnoq qo‘shiq-raqslari  barchaning e’tiborini jalb etdi.

Sahna orqasidagi monitorda yurtimizda, shu jumladan, tumanimizda ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar videoroliklar orqali namoyish etilib borildi.

Aytish kerakki, o‘tgan yillar mobaynida tuman hududidagi chekka ovul- mahallalarda ham keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish ishlari bajarildi. Ko‘p qavatli uy-joylar, ijtimoiy, xizmat ko‘rsatish va servis obyektlari qurildi.   Tumanda qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘likni saqlash sohalarini rivojlantirish, «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari», «Temir daftar»ga kiritilgan fuqarolar bilan ishlash, aholi bandligini ta’minlashda e’tiborga molik ishlar olib borilib, bu boradagi ezgu ishlar uzluksiz davom ettirilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, amudaryoliklar mustaqillikning o‘ttiz ikki yillik tantanali bayramini barcha sohalardagi o‘ziga xos yutuqlar bilan qarshi olishmoqda. Xususan, joriy yilda bir guruh nuroniylar «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni, intiluvchan tadbirkor Tamara Yusupova «Faol tadbirkor», iqtidorli o‘quvchi Barno Samardarova «Zulfiya» nomidagi Davlat mukofoti, turli xil sohalarda fidoyi mehnat qilayotgan xodimlar «Shuhrat» medali, «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.
Ma’lumki, yurtimizda istiqlol yillarida millat, yurt kelajagi bo‘lgan yoshlarga alohida e’tibor qaratilib, keng imkoniyatlar yaratildi. Bu imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan yoshlar bugun turli yo‘nalishlarda yuqori natijalarga erishib mamlakatimiz nomini butun dunyoga tanitmoqda.     

Yurtboshimizning Respublikamiz aholisi hayotini tubdan yaxshilashga qaratilgan sa’y-harakatlari tufayli kichik biznes, xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanmoqda. Ularga berilayotgan soliq imtiyozlari, ehtiyojmand oilalarning qo‘llab-quvvatlanishi, yoshlarning oliy ta’limga o‘qishga kirishlari uchun ajratilgan kvotalar, kasb-hunar egallashiga qilinayotgan e’tibor, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani, o‘quvchilarga darsliklarning bepul berilayotgani alohida g‘amxo‘rlik namunasidir. Bular o‘z navbatida tumanimizda ham barcha sohalarda o‘zgarishlar, yuksalishlar yasalishiga zamin bo‘lmoqda.

Tomosha davomida tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari ijrosidagi quvnoq kuy-qo‘shiqlar, zamonaviy raqslar tomoshabinlardagi bayramona kayfiyatni yanada yuksaltirdi.

Ayniqsa, turli millat vakillarining «O‘zbekiston – umumiy uyimiz» turkumidagi ijrolari barchaga manzur bo‘ldi.

Bayram tomoshasi davomida amudaryolik taniqli estrada xonandalari Vatan, tinchlik, farovonlik haqidagi qo‘shiqlarini kuylab, bayram qatnashchilariga zavq ulashishdi.

Mustaqillik bayrami tantanalari tumanimizning ovul va mahallarida, mehnat jamoalarida davom etmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati