“OʻZBEKISTON – 2030” STRATEGIYASIDA BELGILANGAN ISLOHOTLAR – TAʼLIM TIZIMINI YANADA YUKSALTIRADI

Туман янгиликлари

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni va “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish  chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori loyihalari asosida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi regulation.gov.uz portaliga joylashtirildi va muhokamaga qoʻyildi.

Strategiyada taʼlim tizimida koʻplab islohotlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan boʻlib, maktabgacha taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish va bolalarning toʻliq qamrovini amalga oshirish shular jumlasidandir. Bunda bolalarni toʻliq maktabgacha taʼlim va tayyorlov guruhlariga qamrab olish, nodavlat MTMlarning sonini 56 mingga yetkazish, barcha MTMlarni kompyuter sinfi va toza ichimlik suvi, sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan  taʼminlash, 2 mingta bogʻcha tashkil qilish nazarda tutilgan.

Umumiy oʻrta taʼlim tizimida esa “Taʼlim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish va yangi oʻquv yilidan boshlab, har yili 500 ming oʻquvchi oʻrnini yaratish va uni 707,5 mln.ga yetkazish, barcha maktablarni toza ichimlik suvi, sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan taʼminlash koʻzda tutilgan.

Pedagog kadrlar maqomini oshirish, ularning bilimi va malakasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida 1000 nafar tarbiyachi va oʻqituvchilar xorijiy mamlakatlarga stajirovkaga yuboriladi. Boshlangʻich sinf oʻqituvchilari oʻquv yuklamasi 18 soatdan 16 soatga, yuqori sinflar oʻqituvchilari oʻquv yuklamasi 20 soatdan 18 soatga tushiriladi. Pedagoglarning maoshlarini ikki baravarga oshirish, 715ta olis va chekka hududlardagi maktablar oʻquvchilari uchun bepul maktab avtobuslari tashkil qilish, 500 ming pedagog kadrlar malakasini oshirib borish ishlari amalga oshiriladi.

Men faqat “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida amalga oshirilishi rejalashtirilgan islohotlar xususida soʻz yuritdim. Bundan tashqari, Strategiyada professional taʼlim tizimini rivojlantirish orqali oʻquvchilarni zamonaviy bilim va malakalar bilan taʼminlash, oliy taʼlim muassasalari qamrovini kengaytirish bilan bogʻliq islohotlarga keng oʻrin berilgan.

Har bir yangilik, oʻtkazilayotgan islohotlar oʻsha yerda yashovchi aholining qoʻllab-quvvatlashi va jarayonda faol qatnashishlari bilan amalga oshiriladi. Shunday ekan, barcha yurtdoshlarimizni “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasiga oʻz takliflarini bildirib, barcha sohalardagi islohotlarda faol ishtirok qilishga chaqiraman.

Sanobar Xoʻjamurotova,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq oʻqituvchisi.