AHOLI FAROVONLIGINI TAʼMINLASH BORASIDA ANIQ VAZIFALAR BELGILAB BERILGAN

Туман янгиликлари

Barchamizga maʼlumki, Prezidentimizning “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni va “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori loyihalari jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Ushbu “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida 5 ta yoʻnalish boʻyicha 100 ta maqsad nazarda tutilgan. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihasida muddatlar va ijrochilar kesimidagi amaliy vazifalar, erishiladigan aniq maqsadli koʻrsatkichlar va strategiyani amalga oshirish doirasida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati tasdiqlanmoqda.

“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi 5 ta ustuvor yoʻnalishlarda amalga oshirilishi belgilangan boʻlib, uning 2-yoʻnalishi “Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash” deb nomlangan.

Maʼlumki, iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, barqarorlashtirish va rivojlantirishdan asosiy maqsad mamlakat iqtisodiy rivojlanishi va aholining turmush darajasini oshirishdir. Shu sababli ushbu boʻlimda 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va “daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar” qatoriga kirish borasidagi aniq vazifalar koʻrsatib oʻtilgan. Undan tashqari, mahalliy xomashyo bazasidan samarali foydalanish va ilgʻor texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish, sanoatning “drayver” sohalarini rivojlantirish va hududlarning sanoat salohiyatini toʻliq ishga solish, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish va qimmatli qogʻozlar bozorini jadal rivojlantirish, bank tizimida islohotlarni jadallashtirish, bank xizmatlari bozori hajmini oshirish va sohada raqobatni rivojlantirish  borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar belgilab qoʻyilgan.

 Strategiyaning ushbu yoʻnalishida kelgusida “Yashil iqtisodiyot”ga oʻtish, uning asosi boʻlgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish koʻrsatkichlarini keskin oshirish, iqtisodiyot va aholini zaruriy energiya resurslari bilan uzluksiz taʼminlash, qishloq xoʻjaligida hosildorlik va rentabellik darajasini keskin oshirish, milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini kuchaytirish va uning tarkibida qoʻshilgan qiymati yuqori boʻlgan mahsulotlar ulushini keskin oshirish ham koʻzda tutilgan.

Ishonchimiz komilki, Strategiyada koʻrsatilgan barcha chora-tadbirlar mamlakat iqtisodiyoti barqaror rivojlanishi va oʻsishiga, el-yurt farovonligini taʼminlashga xizmat qiladi.  Har birimiz ushbu vazifalarni masʼuliyat bilan bajarsak, taraqqiyot sari tashlanayotgan qadamlar yanada jadallashib, Yangi Oʻzbekiston kelajagi buyuk va har jihatdan qudratli davlatlar qatoridan joy oladi.

 

Yaxshimurod Ahmedov,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati,

OʻzLiDeP tuman Kengashi raisi oʻrinbosari, apparat rahbari.