AYOL BAXTLI BOʻLSA – JAMIYAT BAXTLI BOʻLADI

Туман янгиликлари

Mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi bayramini munosib tashkil etish hamda koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazish maqsadida “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida keng koʻlamli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Ayollarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini toʻlaqonli taʼminlash, ularni ijtimoiy-iqtisodiy hamda huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash borasidagi islohotlar mazmun-mohiyatini keng xalq ommasiga yetkazish maqsadida Amudaryo tumanining Qilichboy ovulida ham “Ayol baxtli boʻlsa – oila baxtli boʻladi, oila baxtli boʻlsa – jamiyat baxtli boʻladi!" mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda koʻchaboshchi ayollar, mahallaning faol xotin-qizlari, nuroniy onaxonlar hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Poʻlat Xudayberganov qatnashdi.

Mazkur tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad – xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ular bilan muloqotlar oʻtkazish va tashvishlarini hamda oilalaridagi muammolarini eshitish, shuningdek, muloqotlar natijasida har bir ayol va uning oilasi bilan manzilli ishlash boʻyicha chora-tadbirlarni belgilash, xotin-qizlarning oilalaridagi muammolarini oʻrganish va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha manzilli choralarni amalga oshirish, jumladan, bandligini taʼminlashga koʻmaklashish, huquqiy yordam koʻrsatish, mahalla xotin-qizlari oʻrtasida milliy qadriyatlar va kitobxonlikni targʻib qilishga qaratilgan.

Yurtimizda xotin-qizlarga eʼtibor, davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani barchamizga maʼlum. Xotin-qizlar oʻzlarining maʼnaviy-maʼrifiy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlardagi faol ishtiroki uchun, jamiyatda oʻz oʻrnini topishi uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanib, barcha sohalarda oʻz iqtidorlarini namoyish etishmoqda. Tadbirda bu haqda batafsil soʻz bor.

Mahalladagi yosh kelinchaklar ishtirokida “Ibratli kelin” tanlovi tashkil etilgani tadbirning yanada zavqli oʻtishiga xizmat qildi. Mazkur koʻrik-tanlov xalqimizga xos eng ulugʻ qadriyat boʻlmish oilani asrab-avaylash, uning jamiyat hayotidagi roli naqadar muhim ekanligini anglash, oilalarni mustahkamlashda keng jamoatchilikning oʻrnini hayotiy misollar orqali koʻrsatib berish, shu bilan birga, ibratli kelinlarni aniqlash maqsadida tashkil etildi.

Koʻrik-tanlov qoidasiga koʻra, ishtirokchilar 3 ta shart boʻyicha oʻz mahoratlarini sinovdan oʻtkazdilar. Dastlabki vazifa “tanishtiruv” sharti boʻldi. Unda ishtirokchilar oʻz oila aʼzolarining sevimli mashgʻuloti, kasb-kori kabi qator umumiy maʼlumotlarni berishdi. Ikkinchi shart esa savol javob tarzida boʻlib oʻtdi. Unda ishtirokchilar kiyinish va muomala madaniyati kabi bir qator tezkor savollarga javob berdilar. Uchinchi shart esa tanlov ishtirokchilarining berilgan 10ta masalliqdan necha xil salat tayyorlay olish qobiliyatini sinovdan oʻtkazdi.

Tanlov yakuniy natijalariga koʻra Sohiba Raximova “Mahallaning eng faol tashabuskor kelini”, Sohiba Yoʻldosheva “Mahallaning eng orasta kelini”, Nilufar Masharipova “Eng pazanda kelin”, Munasib Otajanova “Mahallaning eng epchil kelini”, Ozoda Muhammadjonova “Tadbirkor kelin” nominatsiyalari sohibalari boʻlishdi va tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Shuningdek, iqtidorli yoshlar tomonidan qoʻl mehnati asosida yaratilgan mahsulotlar koʻrgazmasi, yosh qizaloqlarning badiiy chiqishlari barchaga koʻtarinki kayfiyat baxsh etdi. Ayniqsa, koʻchaboshchi ayollar ishtirokida milliy xalq qoʻshiqlari – lapar, yallalar kuylanilishi tomoshabinlarda oʻzgacha qiziqish uygʻotdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar davlatimiz tomonidan xotin-qizlarga qaratilayotgan eʼtibor, ularning har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani haqida toʻxtalib, jamiyatda har bir ayol oʻz oilasida va yaqinlari davrasida baxtli yashashga haqli ekanliklarini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Ayol ilmli boʻlsa, biror bir kasb-hunarning sir-asrorini mukammal egallasa, oʻziga va oilasiga nafi tegadi. Oʻziga nisbatan ishonchi mustahkam onalar koʻp hollarda farzandini oʻqimishli va ziyoli shaxs sifatida voyaga yetkaza oladi. Shu jihatdan, soʻnggi yillarda yurtimizda xotin-qizlarning taʼlim va kasbiy koʻnikma olishlari, oʻzlari uchun munosib ish topishlariga har tomonlama koʻmaklashish, ularning tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash masalasiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qiritilmoqda. Bu esa oʻz navbatida qishloq ayollarining ham baxtiyor yashashi, oʻz iqtidorini namoyon etishiga sharoit yaratayapti. Qilichboy ovulida boʻlib oʻtgan tadbir ushbu fikrlarimizning yaqqol isboti boʻldi.

Tadbirda oʻquvchi yoshlar oʻzlarining shoʻx-shodon qoʻshiqlari bilan mahalla ahlini xursand etdi. Tadbir yakunida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Poʻlat Xudayberganov soʻzga chiqib, barchani mamlakatimiz mustaqilligining 32 yillik bayrami bilan tabriklab, oʻzining “Orzularim bir olam” nomli kitobini tanlov ishtirokchilariga sovgʻa qildi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati