Imkon topib...

Туман янгиликлари

Yurtimizda aholini ijtimoiy himoya  qilishni kuchaytirishga, ayniqsa, nogironligi boʻlgan fuqarolarga hayotda keng imkoniyat va sharoitlar yaratishga eʼtibor kuchaymoqda. Bu imkoniyati cheklangan fuqarolarga ham jamiyat hayotida faol ishtirok etishi,

imkon darajasida foydali mehnat bilan shugʻullanib,

oilasi iqtisodini yaxshilashiga sharoit yaratadi.

Dunyoga hamma ham jismonan toʻkis boʻlib kelavermaydi. Biroq jismida nuqsoni boʻlsa-da, aql-zakovati, hayotiy qarashlari, intilishlari tufayli koʻpchilikning hurmatini qozonayotgan yoshlar koʻp atrofimizda.

Mangʻit shahrining Doʻstlik mahallasida istiqomat qiluvchi Ravshanbek Oʻrozimbetov shularning biri. U 2000-yilda tugʻilgan, mexanizator Farhod Tangirberganov va Nilufar Xudoyberganovalar oilasida ikkinchi oʻgʻil. Ota-ona unga koʻzlarining koʻrish qobiliyatida tugʻma nuqsoni boʻlgani uchun Ravshanbek deb ism qoʻyishgan boʻlsa ajab emas.

Tabiatan zehnli, qiziquvchan boʻlib ulgʻaygan Ravshanbek tengdoshlaridan qolishmay, ilm olishga intildi. U toʻrtinchi sinfni tamomlaganida ehtiyojiga koʻra, Nukusdagi koʻzi ojizlar internatiga borib oʻqishiga toʻgʻri keldi. Bu yerdagi ustozlar sabogʻi, hayotiy oʻgit-nasihatlari, mehr-muhabbati uni hayotda nolimasdan, imkoniyatiga yarasha intilib yashashga oʻrgatdi, internatda 10-sinfni tugatgach, Toshkentdagi axborot-texnologiyalari kollejida oʻqishni davom ettirdi.

Ravshanbek Nukusda, Toshkentda oʻqigan davrlarida boʻsh vaqtlarida sport bilan shugʻullanib, shashka turi boʻyicha nufuzli musobaqalarda qatnashdi va qobiliyatini namoyish etdi. Erishgan yutuqlari doimo uning  koʻnglini koʻtaradi va olgʻa intilishga undaydi.

Oʻrta maxsus maʼlumotli dasturchi ixtisosligiga ega yigit sohasi boʻyicha ishlashga imkoniyati yetmayotgan boʻlsa-da, ota-onasining qoʻliga qarab oʻtirgisi kelmaydi. Shuning uchun ham hovlisi tomorqasiga oʻzi qaraydi, mevali daraxtlarni parvarishlaydi.

Joriy yil koʻklamida u Doʻstlik mahallasi yoshlar yetakchisi Dilmurod Yodgorovning koʻmagi bilan 30 yillik ijara shartnomasi asosida 39 sotix yer oldi. Ushbu yerda takroriy ekin sifatida ekilgan mosh, oilasi chorvasiga ozuqa uchun ekilgan joʻxori ekinlari bir tekis koʻkarib, qarich boʻyi kelib qolgan, 10 sotixcha joyini yana bugʻdoy ekishga tayyorlayapti.

— Kunduzi quyoshda koʻzim qamashadi, yurishga qiynalaman. Shuning uchun ekinlarga tongda, kechqurun qarayman, — deydi Ravshanbek.

U joriy yil “Besh tashabbus paralimpiadasi” birinchi mavsum musobaqalarida sportning shashka turi boʻyicha ishtirok etib, tuman bosqichi gʻolibi boʻldi va diplom, medal, sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Mahalla yoshlar yetakchisi Dilmurod Yodgorov Ravshanbek, u kabi mahalladagi nogironligi boʻlgan 10 nafar yoshlardan tez-tez xabar olib, muammolarini tinglashga, ularning turmush sharoitlarini yaxshilashga harakat qilayotgani uni yanada intilishga, oʻz ustida ishlashga chorlayveradi.

Ayni kunda 23 yoshni qarshi olayotgan Ravshanbek Oʻrozimbetovning kelajagi porloq ekaniga ishongimiz keladi.

Oygul RAJABOVA.