STRATEGIYA — YOSHLAR FAOLIYATIGA KENG YOʻL OCHADI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda davlat boshqaruvi, taʼlim, sogʻliqni saqlash va qishloq xoʻjaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Sohani yana ham rivojlantirishga “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida alohida eʼtibor qaratilgan.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va uni 2023-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihalari jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi. Hujjatda strategiya 5ta ustuvor yoʻnalishlar doirasida amalga oshirilishi belgilangan. Bular har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratish, barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, mamlakatni xavfsiz va tinchliksevar davlatga aylantirish ishlarini davom ettirishdan iboratdir.

Loyihada yoshlar salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun koʻpgina chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilanganidan men juda quvondim. Boisi men Toʻlqin ovulida yoshlar yetakchisi boʻlib ishlayman. Oʻz faoliyatim davomida ovullarda istiqomat qilayotgan oʻsmirlar, yoshlarning  juda  qiziquvchan, intiluvchan ekanligini yaqqol his qilayapman. Loyihada yoshlar orasida axborot texnologiyalarini ommalashtirish, shuningdek, raqamli texnologiyalardan foydalanish koʻnikmalarini rivojlantirish, axborot texnologiyalari sohasida masofaviy, onlayn va virtual  oʻqitish texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish, onlayn kurslar uchun platformalar ishlab chiqish, raqamli texnologiyalar sohasida yuqori malakali  kadrlar avlodini shakllantirish maqsadida umumtaʼlim maktablari oʻquvchilariga dasturlashni oʻrgatish uchun sharoit yaratish, shuningdek umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilariga sohani chuqur oʻrgatish choralari belgilangani oʻsmirlar, yoshlarning  axborot texnologiyalarini chuqur egallashiga sharoit  yaratadi va bu ularning kelajagi yorqin boʻlishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, respublikaning barcha tumanlarida raqamli texnologiyalar oʻquv markazlarining tashkil etilishi — yoshlarning, oʻsmirlarning axborot texnologiyalari sohasida taʼlim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi, oʻquvchilar uchun raqamli texnologiyalardan foydalanishning umumiy darajasi oshishini taʼminlaydi.

Tumanimiz, ovulimiz yoshlari buningdek, imkoniyatlardan unumli foydalanadilar, oʻz iqtidori, salohiyatini yuksaltiradilar, deb ishonaman.

Fozilbek QURBONBOYEV,

Toʻlqin ovuli yoshlar yetakchisi.