BIZ YOSHLAR – YURTIMIZ RAVNAQIGA XIZMAT QILAMIZ

Туман янгиликлари

Mustaqillik – xalqimiz asrlar boʻyi intilib yashagan va kurashgan, qadr-qimmati bebaho neʼmatdir. Mustaqillikkina kishilarga erkin yashashi, mehnat qilishi, iqtidorini yuzaga chiqarishiga imkon berganini biz yoshlar chuqur anglaymiz, shunday dorilomon davrda tugʻilib, voyaga yetayotganimizdan faxrlanamiz.

Men hozir 26 yoshdaman. Toʻlqin ovulida yashayman. 33-sonli maktabda umumiy taʼlim olganman. Maktabdagi, dorulfunundagi ustozlarimizning saboqlari orqali xalqimizning oʻtgan davr mobaynida bosib oʻtgan ogʻir va mashaqqatli yoʻli, istiqlol tufayli barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan yutuqlar tub mohiyati xususida  tasavvurga egaman, deya olaman. Shuning uchun ham bugungiday obod va farovon hayotning qadriga yetish, intilib, kurashib, yurtimizni yanada ravnaq toptirishga hissa qoʻshishni oʻzimning burchim, deb bilaman.

Men bu orzularimni Qoraqalpoq davlat universitetida oʻqib, 2022-2023  oʻquv yilida  egallagan mutaxassisligim – oʻqituvchilik kasbim orqali amalga oshirmoqchiman. Men talabalik paytimda  ovulimiz yoshlari orasida faol boʻlishga, yoshlar iqtidorini yuzaga chiqarish uchun oʻtkazilayotgan sport musobaqalarida ishtirok etishga ham intilardim va koʻpgina yutuqlarni qoʻlga kiritishga erishdim. Xususan, 2022-yilda “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarida guruh sardori sifatida jamoamiz aʼzolarini hamjihatlikda gʻoliblik uchun kurashishga ragʻbatlantirdim va astoydil mashq qilib, sportning stritbol turidan tumanda gʻolib boʻldik.

Musobaqaning Qoraqalpogʻiston bosqichida esa ikkinchi oʻrinni egalladik hamda Chirchiq shahrida oʻtkazilgan mamlakat bosqichida ikkinchi oʻrin uchun kurashib, gʻolib boʻldik. Bu yutugʻimiz uchun davlatimiz tomonidan ovulimizga sport maydonchasi qurib berildi. Shuningdek, joriy yilda Davlat xavfsizlik xizmati Raisi kubogi uchun oʻtkazilgan futbol musobaqasida tuman gʻolibi, Qoraqalpogʻiston bosqichida esa uchinchi oʻrin sohibi boʻldik. Bizning buningdek natijalarimiz yuksak qadrlanib, tuman hokimligining, Davlat xavfsizlik xizmatining qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandik.

Bulardan tashqari, menga  Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi  yaqinda amudaryolik yoshlar bilan uchrashuvi chogʻida “Үmit ushqыnы” koʻkrak nishonini topshirgani jamoamiz aʼzolarini yanada oldinga intilishga chorladi.

Shu oʻrinda bizning erishayotgan natijalarimizda biri talaba, biri ishsiz, biri oʻquvchi boʻlgan yoshlarni sportga jalb etib, jamoa shakllantirib, muntazam mashgʻulotlar tashkil etib,  yutuqlarga  erishishimizga sharoit yaratayotgan  ovulimiz yoshlar yetakchisi Fozilbek Qurbonboyevning ham munosib hissasi borligini aytib oʻtishim joiz.

Ayni kunlarda jamoamiz bilan bir ota-ona farzandlariday ahillikda yanada chiniqish, mahoratimizni oshirish uchun mashgʻulotlarni davom ettirayapmiz. Bilamizki, biz yoshlar katta kuchmiz, butun salohiyatimizni, bilimimizni yurtimizni yanada ravnaq toptirishga sarflaymiz.

Xursandbek TILOVMURODOV, Toʻlqin ovuli.