“Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” koʻrik-tanlovining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichi bo’lib o’tdi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda keksa avlod vakillarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Katta hayotiy tajribaga ega otaxon va onaxonlarimiz “Bir nuroniy – oʻn nafar yoshga masʼul” tamoyili asosida oʻzi istiqomat qilayotgan mahallada ish yuritib, tarbiyasi ogʻir, maʼnaviy koʻmakka muhtoj, uyushmagan, ishsiz yoshlarga biriktirilib, ularning muammolarini bevosita hal etishga yordam berib kelmoqda. Shu orqali nuroniylarimiz yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat, mamlakatda oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalanishiga va jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga hissa qoʻshmoqda.

Ana shunday fidoyi nuroniylar ishtirokida mamlakatimiz boʻylab “Bir nuroniy ­­– oʻn yoshga masʼul” shiori ostida koʻrik-tanlovlar oʻtkazilmoqda. Tanlovning Qoraqalpog’iston Respublikasi bosqichi Nukus shahridagi Yosh tomoshabinlar qo’g’irchoq teatrida  bo’lib o’tdi.

Tanlovning asosiy maqsadi har bir mahallalarda “Bir nuroniy – oʻn yoshga masʼul” loyihasi asosida yoshlarga biriktirilgan nuroniylarni jamiyat hayotiga faol jalb qilish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlarimiz tarbiyasida keksa avlod vakilllarining tajribasidan foydalanish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, ajrim yoqasida turgan yosh oilalar oʻrtasida barqaror muhitni vujudga keltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni targʻib qilish va ijrosini taʼminlashda faol ishtirok etayotgan ijtimoiy faol nuroniylarni ragʻbatlantirish hisoblanadi.

Tanlovda ishtirokchilar 3 ta shart, yaʼni tanishtiruv, “Yoshlar – bizning kelajagimiz” mavzusida ishtirokchilar amalga oshirgan ishlar yuzasidan hayʼat aʼzolariga yozma maʼlumot va fotoalbom shaklida taqdimot qilish hamda oʻziga biriktirilgan uyushmagan, tarbiyasi ogʻir, maʼnaviy koʻmakka muhtoj boʻlgan yoshlar bilan amalga oshirgan ishlari va erishgan natijalarini, shuningdek, yoshlarning muammolariga yechim topgani va ajrim yoqasida turgan oilalarni yarashtirgani boʻyicha fakt va misollar taqdimoti orqali oʻzaro bellashdilar.

Tanlovning yakuniy natijalariga  111 bal toʻplagan Bo’zsolma mahallaning faoli Salomat Madaminova faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi va tashkiliy qoʻmita tomonidan pul mukofoti va faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

Tanlov yakunida tadbir ishtikorchilari va tomoshabinlariga “Istiqlol” kafesida osh berildi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati