MANZILLI QOʻLLAB-QUVVATLASH DAFTARLARIGA KIRITILGAN YOSHLAR UCHUN OCHIQ DARS OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanida faoliyat yuritayotgan “Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan “Besh tashabbus – besh imkoniyat!” loyihasining ish rejasi asosida aholining ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarning iste’dodlarini yuzaga chiqarish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, turli zararli illatlardan ishonchli himoya qilish maqsadida turli tadbirlar, uchrashuvlar, tanlovlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Loyihaning ish rejasi bo‘yicha Prezidentimiz ilgari surgan besh muhim tashabbusning uchinchi tashabbusi doirasida tumanning Mang‘it shahri hududida yashovchi, manzilli qo‘llab-quvvatlash daftarlariga kiritilgan yoshlar uchun 40-sonli maktabda “Kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish” mavzusida ochiq dars tashkil qilindi.

Aytish joizki, tumanning barcha umumta’lim maktablaridagi kompyuter sinflarida o‘quvchilarga eng tajribali mutaxassis o‘qituvchilar saboq berib kelmoqda. Biz hikoya qilayotgan 40-sonli maktabda hozirgi kunda 1520 nafar o‘quvchi bilim olmoqda. Ularga 102 nafar pedagog ustozlar bilim sirlarini o‘rgatib kelishmoqda.

Maktabda ikkita kompyuter sinfxonalari bo‘lib, o‘quvchilarga informatika fani o‘qituvchilari Dilshoda Abdiqodirov, Inobat Arslonova, Nurbek Xolboyev, Nilufar Soatboyevalar kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish bo‘yicha dars mashg‘ulotlari o‘tib kelmoqdalar.

“Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan “Besh tashabbus – besh imkoniyat!” loyihasining ish rejasi asosida shuningdek, Prezidentimiz ilgari surgan besh muhim tashabbusning birinchi tashabbusi doirasida yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarishga qaratilgan tanlovlar, davra suhbatlari, tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Ikkinchi tashabbus doirasida esa yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida maxsus trenajyor xonasi tashkil qilingan.

Uchinchi tashabbus doirasida yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishga qaratilgan tadbirlar tashkil qilinayotgan bo‘lsa, to‘rtinchi tashabbus doirasida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tanlovlar, uchrashuvlar va tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Shuningdek, beshinchi tashabbus doirasida yosh ayol-qizlarni ishga joylashtirish maqsadida uchrashuvlar tashkil qilinib, o‘zini o‘zi band qilgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, daromad topayotgan ayol-qizlarning tajribalarini ommalashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Grant loyihasi doirasida tashkil qilingan navbatdagi amaliy dars ham manzilli qo‘llab-quvvatlash daftarlariga kiritilgan yoshlar uchun foydali bo‘ldi. Zamonaviy o‘quv uskunalariga ega maktabda dars o‘tib, informatika va axborot texnologiyalari sohasiga havas qilgan o‘quvchilarning ko‘ngliga shu yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirib, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish orzusi joylangan bo‘lsa ajab emas.

O‘rozali RЕYIMOV, “Jayxun ilhomlari” NNT raisi.