EHTIYOJMAND AHOLINING TURMUSH SHAROITINI YAXSHILASH YO’LIDA

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 1 iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan edi.

Farmonga muvofiq kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy himoya tizimini joriy qilish, ijtimoiy himoya tizimi samaradorligi va manzilliligini oshirish orqali aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlash, ijtimoiy himoyani mahalla darajasigacha tashkil etish, og‘ir hayotiy ahvolga tushib qolgan aholiga individual yondashuvga muvofiq ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, aholining ijtimoiy sug‘urta mexanizmlari bilan qamrab olinishini kengaytirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot kechirishi uchun qulay muhit yaratish belgilangan.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Har haftaning juma kuni «Mehr va saxovat kuni» sifatida belgilanib, barcha davlat organlari va tashkilotlari ehtiyojmand aholi, nogironligi bo'lgan shaxslar hamda yolg'iz keksalar holidan xabar olish, ularga g'amxo'rlik qilish hamda xayriya tadbirlari o'tkazilmoqda.

Tumanimizda ham ehtiyojmand, nogironligi bo’lgan fuqarolarga yordam ko’rsatilmoqda. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasi raisi Saylavbay Daniyarov, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi rahbari G’ulomjon Duysenboyev hamda mas’ul tashkilotlar tomonidan tumanimizdagi ehtiyojmand va nogironligi bo’lgan fuqarolarga 5ta eshitish moslamalari, 1ta nogironlik aravachasi berildi.

Bugungi kunda ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari YAIMga nisbatan 2 baravarga oshib, kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar qamrovi 5 barobarga ko‘paydi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar va nogironligi bo‘lgan bolalarning parvarishi bilan band bo‘lganlar uchun yangi nafaqa turlari joriy etildi.

Shunigdek yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida bo‘lishining belgilanganligi mazkur sohani yagona yondashuv asosida isloh qilish zarurligini taqozo etmoqda.

Xususan, davlatning nogironligi bo‘lgan shaxslarning ishga joylashishi va ta’lim olishiga ko‘maklashishi bo‘yicha konstitutsiyaviy majburiyatlari bajarilishini ta’minlash maqsadida har bir hududda tizimli ishlar yo’lga qo’yilmoqda.

Tuman hokimligi Axborot xizmati