EL RIZQI – DEHQON MEHNATIDAN

Туман янгиликлари

Xalqimiz rizqi mo‘lligi, dasturxonimiz to‘kinligi va el-yurt farovonligi eng avvalo, zahmatkash dehqonlarimiz mehnatidan. Shu boisdan keyingi yillarda ekin maydonlarining unumdorligini oshirishga, sara urug‘lardan mo‘l hosil olishga, dehqonchilikka ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotir. Bu boradagi dunyoning ilg‘or davlatlari bilan o‘zaro hamkorlik mustahkamlanayapti.

Xalqimizda dehqonchilik azaldan ulug‘lanib kelingan, mo‘tabar kasb sifatida qaralgan.

Amudaryo tumanining Xitoy ovulida ham dehqonchilik tufayli oilasini obod, turmushini farovon etibgina qolmay, yurtdoshlarimiz dasturxoniga turli noz-ne’matlarni, ta’mi totli mevalarni tortiq qilayotganlar ko‘p.

Ozod aka Berdiboyev ovuldagi 2-sonli maktabda qirq yil o‘quvchilarga jismoniy tarbiya fanidan ta’lim-tarbiya berdi. U yoshlarning ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom bo‘lib kamol topishlari uchun o‘z hissasini qo‘shgan elda e’zozli inson.

Tajribali murabbiy nafaqaga chiqqandan keyin “dam olaman, bo‘ldi endi, ishlamayman” deb bekor o‘tirmadi. Hovlisi atrofidagi 16 sotix tomorqa yerida erta bahordan to kech kuzgacha tinimsiz mehnat qilib, oilasi ehtiyoji uchun zarur bo‘ladigan sabzavot, poliz ekinlarini o‘zi yetishtirdi, ro‘zg‘oridan ortganini bozorga olib chiqib sotib, mo‘l daromad topa boshladi.

Uning tomorqasida kartoshka, piyoz, pomidor, bodring, karamdan tortib sarimsoq piyozgacha ekiladi. Hozirgi paytda pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, o‘rta sabzi, o‘rta karamlari juda xaridorgir bo‘layotir. Bog‘idagi 20 tup olmalar mevasining ko‘pligidan shoxlarini egib turibdi. Bundan tashqari bog‘da 50 tup olcha, 5 tup gilos, 20 tup o‘rik, olxo‘ri, nok, shaftoli daraxtlari bor. Tomorqachi mevali daraxtlardan ham har yili yaxshi daromad ko‘radi. Hovlisi atrofini o‘rab turgan uzumzor ko‘rgan kishining havasini keltiradi. Uzumning ham bir nechta navlarini ekib, sohaga doir ilmiy adabiyotlarni o‘qib, elda tanilgan bog‘bonlar bilan hamsuhbat bo‘lib, bu borada yaxshigina tajriba to‘plagan sobiq muallimdan bugungi kunda bog‘bonlik sirlarini o‘rganayotganlar ham, uning mevali daraxtlarni payvandlash usullariga qiziqayotganlar ham ko‘p.

Xalqimizda “er yigitga qirq hunar oz” degan ibora bor. Buning ma’nosi juda teran ekanligini ko‘pincha o‘ylamaymiz ham. Lekin hayotda shunday odamlar borki, ularning intilishlari, qiziqishlari va shu tufayli erishayotgan yutuqlari barchaga ibrat bo‘lgulik. Buni qahramonimiz faoliyatida ham ko‘rishimiz mumkin. Gap shundaki, u o‘z hovlisi atrofida asalarichilikni ham yo‘lga qo‘ydi. Dastlab ikki-uchta asalari oilasi parvarish qilingan xonadonda hozirgi kunda 14 ta oila boqilayapti. Natijada dehqonchilikdan keladigan daromadga yana bir qo‘shimcha manba yaratildi.

Ozod aka Berdiboyev chorvachilik , parrandachilik yo‘nalishlari bilan ham shug‘ullanib keladi. Ahli ayoli , farzandlari , nevaralari bilan birgalikda ikkita sog‘in sigir, ikkita zotdor buqalarni, ellikdan ziyod parrandalarni parvarish qilayapti.

Qahramonimiz turmush o‘rtog‘i bilan ikki o‘g‘il, ikki qizni halol mehnatlari bilan voyaga yetkazishdi, hammasini uyli-joyli qilishdi. Ular ham Ozod akadek asosiy ishidan so‘ng tomorqachilik bilan shug‘ullanadi.

U kishi bilan muloqotimiz davomida qo‘l telefoni tez-tez jiringlab, suhbatimizni bo‘lib turdi. Kimdir ko‘chat so‘raydi, yana kimdir maslahat so‘rab qo‘ng‘iroq qiladi.

– Barchasiga qo‘limdan kelganicha yordam qilaman, – deydi qahramonimiz.

El rizqi dehqon mehnatidan yaraladi. Ozod aka Berdiboyev va oila a’zolari yurtdoshlarimiz dasturxoni to‘kin bo‘lishiga hissa qo‘shayotganidan mamnun.

Biz ularga mehnatlaringizning barakasini bersin, deb qolamiz.

Sevara ISMOILOVA