EHTIYOJMAND OILA YANGI ZAMONAVIY UYGA KOʻCHIB OʻTDI

Туман янгиликлари

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-noyabrdagi “Orolboʻyi mintaqasini barqaror rivojlantirish boʻyicha ishlarning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida aniqlangan sharoiti ogʻir oilalar va fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ovul va mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishga oid Vazirlar Mahkamisi qarori qabul qilingan edi.

Mazkur qarorga muvofiq Respublikamizdagi barcha ovul va qishloqlardagi aholi turar joylari hamda ichki yoʻllar holati boʻyicha oʻtkazilgan xatlovda ogʻir turmush sharoitidagi oilalarga tegishli 21 ming 94ta uy-joylarning tom qismini taʼmirlash hamda 709ta yashash uchun yaroqsiz va avariya holatidagi uy-joylarni yangidan qurish, janubiy tumanlardagi 2 ming kilometr tuproq yoʻllarga qum-shagʻal yotqizish belgilangan edi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-martdagi “Xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti ogʻir, ishsiz va ijtimoiy faol boʻlmagan xotin-qizlar bilan “Ayollar daftari”ni yuritish orqali ishlash tizimini yanada takomillashtirish, ularni ijtimoiy-huquqiy, psixologik, tibbiy va moddiy qoʻllab-quvvatlash koʻzda tutilgan.

Yuqoridagi hujjatlarga asosan 2023-yilda Amudaryo tumanidagi sharoiti ogʻir 1858ta oilaning yashash uyining tom qismini yopish, yaroqsiz holga kelib qolgan avariya holatidagi 12ta uyni esa yangidan qurish rejalashtirilgan va bu boradagi ishlar allaqachon boshlab yuborilgan.

Toʻlqin ovulida istiqomat qiluvchi Qutlimurat Aytakov va Gulora Ahmedovalar bir umr fermer xoʻjaligida mehnat qilishdi. Halol mehnatlari evaziga ikki oʻgʻilni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazishdi. Biroq keyingi yillarda ikkovi ham surunkali kasalikka chalinib, davolanish uchun ancha mablagʻ sarflab kelishayotgan edi. Ogʻir ishga yaramay uyda oʻtirib qolgan ota-onaga toʻngʻich oʻgʻil mavsumiy ishlarda ishlab suyanch boʻlayotgan boʻlsada, turmushi ogʻirligicha qolayotgandi.

Davlatimizning insonparvarlik siyosati ularning hayotiga ham ulkan quvonch olib kirib, ertangi kuniga umid bagʻishladi. Joriy yil boshidanoq mazkur oilaga 222 million 600 soʻm mablagʻ evaziga uch xonali yangi uy qurib berishga kirishildi.

Qurilish ishlari “Mangʻit qurilish invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qisqa muddatlarda sifatli qilib ado etildi.

2023-yilning 7-sentyabr kuni uy-joy qurilishi tugallanib, imorat tantanali ravishda egalariga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimi oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Goʻzal Soburova, Toʻlqin ovul fuqarolar yigʻini raisi Rashid Abdugaliyev, hokim yordamchisi Ruslan Sagʻinboyev, xotin-qizlar faoli Gavhar Bobotoyeva, yoshlar yetakchisi Fozilbek Qurbonboyev, koʻcha boshchilari, ovul imomi Bozorboy Soburov va mahalla faollari ishtirok etdilar.

Tuman hokimi oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Goʻzal Soburova, ovul fuqarolar yigʻini raisi Rashid Abdugaliyevlar Qutlimurod Aytakov va Gulora Ahmedovalarni yangi hovli-joy bilan qutlab, sogʻ-salomat yashashlarini, uzoq yillar umr koʻrishlarini tiladilar.

Ovulning Bogʻonali aholi punktida, zamonaviy uslubda yangidan shinam uy qurilib, ehtiyojmand oilaga topshirilganidan tadbir ishtirokchilarining barchasi mamnun boʻlishdi. Ovul imomi ham Qutlimurod Aytakov va Gulora Ahmedovalarga yangi hovli-joy xayrli boʻlishini tilab duo qildi.

Turmushda qiynalgan oilaga davlatimiz tomonidan qurib berilgan ushbu koʻrkam va ixcham hovli davlatimiz insonparvarligining yorqin timsoli boʻldi, deyish mumkin.

Tuman hokimligi Axborot xizmati