AMUDARYO TUMANIDA PAXTA YIGʻIM-TERIMI BOSHLANDI

Туман янгиликлари

O‘lkamizga oltin kuz fasli kirib keldi. Dehqonlar erta bahorda dalalarga ekkan ekinlarining hosilini yig‘ishtirib olish taraddudiga tushdilar. Ayniqsa, femrmer xo‘jaliklarida asosiy ekin – paxta ko‘saklari ochilib, dalalarda mo‘l hosil to‘plandi. Fermerlarning, dehqonlarning yil-o‘n ikki oy davomida qilgan mehnati samarasini ko‘rgan ko‘zlar quvnaydi. Amudaryo tumani fermerlari bu yil ham dalalarda chinakamiga g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilishib, mo‘l hosil yetishtirishga erishdilar. Tabiat injiqliklarini, suv taqchilligini ular tajribasi, omilkorligi bilan yengib o‘tdilar.

10 sentyabr kuni joriy yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumining ramziy boshlanishi va shu munosabat bilan “Oq oltin karvoni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tumanning Toshyop ovuli hududidagi “Bekman Allamberganov” fermer xo‘jaligida bo‘lib o‘tgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Maryam Ahmedova, tumandagi sektorlar rahbarlari va qishloq xo‘jaligi mas’ullari, fuqarolar yig‘inlari raislari hamda qishloq xo‘jaligi korxonalari, sohada faoliyat yuritayotgan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar.

Joriy yilning erta bahorida tumandagi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi «Amudaryotex» xorijiy korxonasi paxta-to‘qimachilik klasteri bilan shartnoma tuzgan 348ta fermer xo‘jaliklarining jami 13 ming 900 gektar maydoniga chigit ekilgan edi. Bugunga kelib fermer xo‘jaliklari dalalarida dehqonlarning mashaqqatli mehnatlari evaziga mo‘l hosil yetishtirildi. Ular jami 44 ming 650 tonnalik sarbaland paxta xirmonini bunyod etishni maqsad qilishgan.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov so‘zga chiqib, har bir xo‘jalik rahbari hosil taqdiriga javobgar ekanligini, paxtakorlarning erta bahordan urug‘ qadab, zarur agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida hamda sifatli bajarib, mashaqqatli mehnatlari evaziga yetishtirilgan hosilini nobud qilmasdan yig‘ib-terib olish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanligini ta’kidladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Maryam Ahmedova paxta yig‘im-terim ishlarini namunali tashkil etish, terimchilar uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratish lozimligini aytib, bu borada mas’ullarga topshiriqlar berdi.

Shu kuni joriy yilning ilk paxta hosili xirmonga topshirildi.

Yig‘ilishdan keyin MCHJ shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasida tadbir ishtirokchilariga osh berildi.

E’tirof etish joizki, joriy yilgi yetishtirilgan paxta hosilini qisqa muddatlarda yig‘ib-terib olish bo‘yicha tumanda 310ta terim otryadlari tashkil qilindi. Terim otryadlariga tajribali xo‘jalik faollari otryad rahbarlari etib tayinlandi. Otyadlarga jami 25 ming 682 nafar terimchilar jalb qilindi, har bir otryadga o‘rtacha 82 nafar terimchilar to‘g‘ri keladi. Terimchilarning 6670 nafari paxta-to‘qimachilik klasteri va fermer xo‘jligi ishchilaridir.

Hisob-kitoblarga ko‘ra har bir terimchi kuniga o‘rtacha 50 kilogrammdan paxta tersa, bir kunda o‘rtacha 1 ming 284 tonna paxta terilib, 34 ish kunida belgilangan reja ado etiladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, 40-45 ish kunida terimni yakunlashning imkoniyati mavjud. Tumanda terim ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil qilib, terim pullarini o‘z vaqtida to‘lab borish uchun bank xodimlari biriktirilgan.

Qabul punktlarida ham yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilingan holda mavsumga tayyorgarlik ishlari olib borildi va xo‘jaliklardan keltirilgan paxtalarni o‘z vaqtida qabul qilib olishga shay qilib qo‘yildi. Bundan tashqari, terimchilarni muntazam ravishda sifatli tushlik bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, fermer xo‘jaliklari tomonidan qozon-o‘choqlar, toza ichimlik suvi saqlash idishlari va boshqa zarur ashyolar tayyor qilib qo‘yilgan.

Dehqon va fermerlarimizga mavsumni qisqa muddatlarda yakunlab, bu yil ham xirmonlari sarbaland bo‘lishlarini tilab qolamiz.

Tuman hokimligi Axborot xizmati