SAYYOR QABULLAR – AHOLI MUROJAATLARI BILAN ISHLASHDA SAMARALI USUL

Туман янгиликлари

Aholi murojaatlari bilan ishlash, fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va tezkor yechim topishda respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazilayotgan sayyor qabullarning ahamiyati katta. Ushbu samarali usulning yo‘lga qo‘yilgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilayotgani aholining ertagi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.

Amudaryo tumanida ham Prezident Qabulxonasi, sektorlar rahbarlari ishtirokida reja asosida barcha hududlarda sayyor qabullar tashkil etilib, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazilayotir.

10 sentyabr kuni Mang‘it shahridagi Olmazor, Gulzor, Oybek nomli mahallalar aholisi hayoti bilan tanishish, ularni qiynayotgan muammolarga yechim topish maqsadida 1-sektor mas’ullari va tumandagi Prezident qabulxonasi mudiri Erkin Rajabovning sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburova, tumandagi Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabov, Olmazor, Gulzor, Oybek nomli mahallalar fuqarolar yig‘inlari raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, profilaktika inspektorlari, tumandagi korxonalar, tashkilotlar rahbarlari, banklar boshqaruvchilari va mahallalardan 30 nafardan ziyod fuqarolar ishtirok etdilar.

Tadbirda dastlab mahallalarda hokim yordamchilari, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli lavozimlari joriy etilganligi aholi bilan ishlash, mavjud muammolarni aniqlashda va bartaraf etishda juda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

Joriy yilning o‘zida yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholini tadbirkorlikka jalb qilish va doimiy daromadga ega bo‘lishlari uchun mazkur mahallalarda ham o‘ndan ziyod tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi, kam ta’minlangan ehtiyojmand oilalar qo‘llab-quvvatlandi, ayrim ishsiz yoshlar tadbirkorlikka, kasb-hunarga o‘qitilib, faoliyatini boshlashlari uchun kreditlar ajratildi.

Shu kuni sayyor qabul davomida 10 nafar fuqarolar turli muammolar yuzasidan murojaat qildilar. 10ta murojaatning 2tasi ya’ni Oybek nomli mahallada istiqomat qiluvchi fuqaroning yashash hovlisi oldidagi elektr liniyasi o‘tgan yog‘och ustun chirib, atrofdagilarga xavf solayotgani xususidagi, Gulzor mahallada yashovchi fuqaroning hovlisi oldidagi yashil hududga ekilgan daraxtlar elektr simiga tegib, xavfli vaziyat yuzaga kelgani xususidagi murojaatlari bo‘yicha soha mas’ullariga muammolarni hal etish topshirildi.

Qolgan 8ta – bankdan kredit olish, ko‘chalarning ichki yo‘llarini ta’mirlash va bolalar maydonchasi qurish kabi murojaatlar ham hal etish uchun nazoratga olindi. Shuningdek, mas’ullar tomonidan aholini qiziqtirgan savollarga ham batafsil javoblar berildi.

Oygul RAJABOVA.