“Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarining tuman bosqichiga start berildi

Туман янгиликлари

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 11-apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan yili mamlakatimiz bo‘ylab “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari o‘tkazila boshlangan edi. Musobaqalarning o‘tgan yilgi mavsumiy bosqichlarida minglab yoshlar ishtirok etib, bor mahorat va iqtidorlarini namoyish etishdilar. Mahallalardagi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularning madaniyat, san’at, sport, kitobxonlik, IT yo‘nalishlari bo‘yicha iqtidorlarini kashf etish hamda qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilgi “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumiga ham start berildi.

9 sentyabr kuni Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Amudaryo tumani ixtisoslashtirilgan maktabida ham “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumiga start berilishi munosabati bilan ochilish marosimi tashkil etildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Bayram Utemuratov, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi markaziy apparati mas’ul hodimi Azizbek Turdimurodov, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Po‘lat Maxsetbayev, tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Mahmud Shermetovlar ishtirok etdilar.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida so‘z olgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Bayram Utemuratov “Besh tashabbus olimpiadasi” bellashuvlari boshlanishi bilan barchani qutlab, ishtirokchilarga omad tiladi.

Shundan so‘ng tuman sport maktabi tarbiyalanuvchilari hamda tumandagi Yangiobod mahallasining yoshlari ishtirokida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Milliy va zamonaviy cholg‘u ijrochiligi” tanlovi, “Zakovat” intellektual o‘yini, “Yosh kitobxon” tanlovi, milliy kurash va voleybol musobaqalari boshlandi.

Amudaryo tuman hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi, tuman sport maktabi hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbirlarda 479 nafardan ortiq sportchi o‘g‘il-qizlar ishtirok etishdi.

“Milliy va zamonaviy cholg‘u ijrochiligi” yo‘nalishida 58 nafar, “Zakovat” intellektual bellashuvida 54 nafar, “Yosh kitobxon” tanlovida 212 nafar, milliy kurash musobaqasida 37 nafar va voleybol musobaqasida 64 nafar, gimnastrada yo‘nalishi bo‘yicha esa 24 nafar mahalla yoshlari o‘z bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdilar. Bellashuvlarda ishtirok etgan yoshlarning iqtidori hakamlar tomonidan odilona baholab borildi.

Musobaqa natijalariga ko‘ra, 48 nafar yoshlar sektor bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Aytish joizki, amudaryolik yoshlar mamlakat bo‘ylab o‘tkazib kelinayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarining avvalgi mavsumlarida ham munosib ishtirok etib kelishdi. Mazkur musobaqalar tuman yoshlarining intilishlarini, qiziqishlarini, salohiyatini yuzaga chiqarishda muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.

Boshlanayotgan mavsum ham ular uchun muvaffaqiyatli bo‘lishini tilab qolamiz.

Tuman hokimligi Axborot xizmati