JOʻQORGʻI KENGES RAISI AMANBAY ORINBAYEV AMUDARYO TUMANI FAOLLARI BILAN UCHRASHDI

Туман янгиликлари

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev 11 sentyabr kuni Amudaryo tumani faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Prezidentimiz boshchiligida bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasini har tomonlama rivojlantirish, xalqning turmush farovonligini ta’minlash, infrastruktura bilan bog‘liq muammolarga yechim topish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z bordi.

Aytish joizki, bugungi kunda aholining yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolari va tashvishlarining yechimini topishda barcha bo‘g‘inlardagi rahbarlar pastga tushib, “Xalq davlat tashkilotlariga emas, davlat tashkilotlari xalqimizga xizmat qilishi kerak!” degan tamoyil asosida amaliy ishlar olib borishmoqda.

Aholining turmush sifatini yanada yaxshilash va hududlar infratuzilmasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning davomi sifatida tumanda davlat dasturi bo‘yicha 2023 yilda 71 ijtimoiy va infrastruktura obyektlarida 69,8 mlrd. so‘mlik mablag‘ evaziga qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Qolaversa, investitsiya dasturi va boshqa maqsadli dasturlar doirasida ham mahallalarda birinchi navbatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar belgilab olingan bo‘lib, infrastrukturani yanada yaxshilash, yordamga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilayotgan qayd qilindi. Shuningdek, Vazirlar Kengashining rezerv fondi hisobidan tuproq yo‘llarga tosh-shag‘al aralashmasini yotqizish, ko‘p qavatli turar joylarda ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini olib borish kabi bir qator vazifalar belgilab berilgan bo‘lib, bu borada ham amaliy ishlar davom etmoqda.

Jo‘qorg‘i Kenges Raisi amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda, haligacha javobini kutayotgan muammolar ham bor ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Ochig‘ini aytganda, xalqning kayfiyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladigan bozor infrastrukturasi, yo‘l, elektr energiyasi hamda ichimlik suvi ta’minoti, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida bir qator muammolar uchramoqda. Bu haqda uchrashuvda batafsil so‘z bordi va ta’kidlangan muammolar Jo‘qorg‘i Kenges Raisining shaxsiy nazoratida ekani va tez orada ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilishi qayd qilindi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati