Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdan tashqari 64-sessiyasi toʻgʻrisida axborot

Туман янгиликлари

2023-yil 12-sentyabr kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari 64-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyani Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Maqsud Sadullayev ochdi va olib bordi. Sessiya kotibligiga 12-Arnabo‘yi saylov okrugidan deputat Mansur O‘razboyev saylandi.

Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev, Jo‘qorg‘i Kenges va tuman Kengashi deputatlari, hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, bo‘limlar, tashkilotlar rahbarlari, fuqarolar yig‘inlari raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyada tashkiliy masala – Amudaryo tumani hokimini tayinlash masalasi ko‘rildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, Amudaryo tumanining iqtisodiy salohiyati ulkan, Qoraqalpog‘istonda tutgan o‘rni alohida ekanligini ta’kidladi. Tuman qishloq xo‘jaligi sohasida nafaqat Qoraqalpog‘istonda, balki O‘zbekiston miqyosida ham ilg‘orlar qatorida turishi alohida e’tirof etildi. Keyingi yillarda tumanda aholining turmush darajasini yanada yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha qator amaliy ishlar qilinayotgan qayd qilindi.

Deputatlarga “Xo‘jametov Sabir Jabbarberganovichni Amudaryo tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlash to‘g‘risida”gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining 2023 yil 12 sentyabr kungi farmoyishi o‘qib eshittirildi.

Xo‘jametov Sabir Jabbarberganovich 1976 yilda Amudaryo tumanida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Ma’lumoti – oliy. 1998 yilda Nukus davlat universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – olim-agronom.

Mehnat faoliyatini 1998 yilda tumandagi “To‘lqin” xo‘jaligi biolaboratoriyasi mudiri vazifasida ishlashdan boshlagan. 2002-2004 yillarda “To‘lqin” muqobil mashina-traktor parki bosh hosiloti, 2004-2007 yillarda tuman Qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i, 2007-2010 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklarni himoya qilish markazi direktori lavozimlarida ishlagan. 2010-2016 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari, keyinchalik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida faoliyat yuritgan.

Sabir Xo‘jametov 2016-2018 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, keyinchalik Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri lavozimlarida ishlagan. 2018-2021 yillarda faoliyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida davom ettirgan. 2023 yildan boshlab esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mitasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, tuman Kengashi deputati Maryam Ahmedova, tuman Kengashi deputati Bahromboy Qodirov, mehnat faxriysi Bekman Allamberganovlar so‘zga chiqib, nomzod haqida o‘z fikrlarini bildirdilar va uning kelgusi ishlariga omad tiladilar.

Kun tartibidagi masala bo‘yicha tuman Kengashining tegishli qarori qabul qilindi. Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati