BOʻSH ISH OʻRINLARI MEHNAT YARMARKASI OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 29-avgustdagi maxsus xatiga asosan har bir tumanlarda yirik xususiy korxona va tashkilotlarda ko‘chma bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarini o‘tkazish, aholini bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirib, doimiy ishga joylashishlariga ko‘maklashish topshirilgan edi. Shunga asosan Amudaryo tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasida va “Tamara textil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi.

Tadbirda “Amudaryotex” xorijiy korxonasi, “Tamara-textil” mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ullari, tuman Ichki ishlar bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi vakillari va ish bilan band bo‘lmagan hamda faol ish qidirayotgan fuqarolar ishtirok etdilar.

Mehnat yarmarkasini tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Baltabayev ochdi va olib bordi. Yarmarka 2 joyda, avval “Amudaryotex” xorijiy korxonasida, keyin “Tamara textil” MCHJda alohida-alohida o‘tkazilib, ish izlovchilar bevosita korxonalardagi ish jarayonlari va yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.

Mehnat yarmarkasida 52ta korxona va tashkilotlar 265ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdilar. Unga tuman hududida yashovchi ish izlovchi fuqarolar, probatsiya hisobida turuvchilar, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da turuvchi fuqarolar taklif qilindi. Bundan tashqari, tadbirkorlar, hunarmandlar, tijorat banklari, kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv maskanlari o‘qituvchilari qatnashdilar.

Yarmarka davomida tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan To‘lqin ovulida tashkil qilingan Tikuvchilik o‘quv-kursining 10 nafar bitiruvchi qizlariga o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlaganliklari to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirildi.

Mehnat yarmarkasida 94 nafar ishga joylashish istagidagi fuqarolarning 31 nafariga yo‘llanma berilib, ishga joylashtirildi, kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish kurslariga 12 nafar fuqaro yuborildi, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga 18 nafari jalb qilindi. 33 nafar fuqaroga esa mehnat qonunchiligiga oid masalalar, kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha, chet davlatlarda mehnat faoliyatini rasmiy ravishda amalga oshirish, tijorat banklaridan kredit olish tartiblari va boshqa masalalar bo‘yicha maslahatlar berildi.

Shu jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, tumanimizdagi ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarning, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning bandligiga ko‘maklashish, ularni tumandagi bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirishga xizmat qilgan tadbirni juda ahamiyatli bo‘ldi, deyish mumkin.

Oygul RAJABOVA.