SAYYOR SUDDA AJRASHISH ARAFASIDA TURGAN OILA YARASHTIRILDI

Туман янгиликлари

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tumani sudi tomonidan ochiq sayyor sud majlisi o‘tkazildi.

Yangiobod mahallasi hududida joylashgan Amudaryo muhandislik texnikumi binosida bo‘lib o‘tgan ushbu sayyor sud majlisida tumandagi mahallalardan birida yashovchi oila tomonidan berilgan nikohdan ajratish haqidagi da’vo arizasi ko‘rib chiqildi. Sud ishida sud mas’ullari bilan birgalikda tomonlarning himoyachilari, fuqarolar yig‘inlari mas’ullari, xotin-qizlar faollari, ko‘chaboshchilar va yoshi ulug‘ keksalar ishtirok etishdi.

Sud majlisida mazkur oila tomonidan berilgan nikohdan ajratish haqidagi da’vo arizasi, ajrashish sabablari, oilaviy muhit, oila a’zolari o‘rtasidagi bir-birlariga bo‘lgan munosabat keng muhokama etildi.

So‘zga chiqqanlar oilalar mustahkam bo‘lsa, jamiyatda ham osoyishtalik hukm surishini, baxtli oilalar tufayli yurtimiz yanada fayzga to‘lishini, o‘zaro mehrli bo‘lgan ota-onalarning farzandlari ham bir-biriga mehribon bo‘lishini e’tirof etishdi. Ammo jamiyatimizda arzimagan sabablar, tushunmovchiliklar, uchinchi shaxsning aralashuvi natijasida ayrim oilalar ajralish yoqasiga kelib qolayotgani, bunday oilalarning farzandlari ko‘ngli yarim bo‘lib ulg‘ayishini, hatto tarbiyasiga ta’sir qilib, nosoz yo‘llarga yurib ketishini alohida ta’kidlashdi. Kattalar o‘rtasida bir-birini tushunmaslikdan kelib chiqadigan janjal va mojarolarning ham bola tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini, ma’nan sog‘lom, odob-axloqli farzand tarbiya qilish uchun er va xotin turmushda sabrli, turli sinovlarga bardoshli bo‘lishi, oilaviy muammolarni birgalikda, hamjihatlikda hal qilishga harakat qilishi kerakligini aytib o‘tishdi.

Majlis davomida fuqarolar yig‘inlari mas’ullari, xotin-qizlar faollari o‘z hududlarda notinch oilalarni yarashtirish, ajrashishlarning oldini olish borasida qilinayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi. Shuningdek, ajrashish arafasida turgan oilalarni yarashtirish, yuzaga kelgan nizolarni tinch yo‘l bilan bartaraf etish borasida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar hamda har bir mahalla fuqarolar yig‘ini qoshida tashkil etilgan yarashtiruv komissiyalari tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ma’lum qilishdi.

Nikohdan ajratish bo‘yicha sudga murojaat qilishning sabablari tahlil qilinib, bunga asosan moddiy jihatdan qiynalganlik, farzandsizlik, spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish va boshqalar sabab bo‘lishi, mazkur arizalar bilan sudga murojaat qilganlarning ko‘p qismi yosh oilalar, aksariyatini 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qilishi ta’kidlab o‘tildi.

Shundan so‘ng, Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudiga ajrashish uchun da’vo ariza bilan murojaat qilgan mazkur oilada yuzaga kelgan mojarolarning sabablari tahlil qilindi. Mas’ullar tomonidan ajrashish arafasida turgan ushbu oila bilan induvidual suhbatlar o‘tkazilib, ularni yarashtirish choralari ko‘rildi. Har biriga oila muqaddasligini, uni asrab-avaylash kerakligini, hayot tashvishlarini birgalikda yengishga harakat qilish, bir-biriga yelkadosh bo‘lish kerakligini tushuntirishdi.

Mahalladagi yoshi ulug‘ keksalar ham o‘z hayotiy tajribalaridan kelib chiqib, pand-nasihatlar berishdi. Nikohning muqaddasligi, ajrimlarning asl sabablari va mohiyati haqida ham so‘z yuritishdi. Shuningdek, yoshlarga uzoq yillar birga tinch-totuv yashagan, hayotning turli sinovlaridan matonat va sabr bilan yashab kelayotgan piru-badavlat oilalar, nuroniylar va kayvoni onalar yoshlarga o‘rnak qilib ko‘rsatildi.

O‘tkazilgan suhbatlar besamar ketmadi. Ochiq sud majlisida taraflar yarashtirilib, ajrashish arafasidagi bir oila saqlab qolindi.

Q.Atamuradov, Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi