BOGʻCHA TARBIYALANUVCHILARIGA YONGʻINDAN SAQLANISH QOIDALARI OʻRGATILDI

Туман янгиликлари

Keksalarning “o‘t balosidan, suv balosidan asragay” deya duo qilishlari bejiz emas. Sababi tilsiz yov – yong‘inlarning har yili qanchadan-qancha davlat va shaxsiy mulklarga ziyon yetkazib, ulkan-ulkan bozorlar rastalari yonib ketayotgani barchaga ayon.

Buningdek ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida joriy yilning 4 avgustida hukumatimizning “Yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirish va yong‘in xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatga ko‘ra, 2023 yil 1 sentyabrdan muntazam ravishda “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasi amalga oshiriladi.

Unda ta’lim tashkilotlarida yong‘inlarning oldini olish va yong‘in sodir bo‘lgan vaziyatda harakat qilish bo‘yicha batafsil uslubiy mashg‘ulotlar o‘tkazish, davlat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari va boshqa tashkilotlar ish joylarida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish, jamoat joylarida, ta’lim tashkilotlarida, ish joylarida va turar joy komplekslarida o‘t o‘chirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘ktazish orqali aholining, yoshlarning, bolalarning yong‘indan saqlanish borasida bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish maqsad qilingan.

Joriy yilning 1 sentyabridan Respublikamizning barcha hududlarida keng jamoatchilik jalb qilingan holda “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasini amalga oshirish chora-tadbirlari boshlanib ketdi.

Amudaryo tumanida ham maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida, korxona, tashkilotlarda yong‘indan saqlanish qoidalari keng targ‘ib qilinayotir, yong‘inlarning oldini olishga hamma va har bir odam mas’ul ekanligi, yong‘in xavfining oldini olishga beparvolik qilish og‘ir oqibatlarga olib kelishi aholiga keng tushuntirilmoqda. Shuningdek, kuz-qish mavsumi oldidan xonadonlarda elektr va tabiiy gazdan foydalanishda ishlatiladigan uskunalarning sozligini nazoratdan o‘tkazish lozimligi, aniqlangan kamchiliklarni tezkor bartaraf etish kerakligi targ‘ib etilmoqda.

“Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasida belgilangan vazifalar doirasida yaqinda tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan 6-sonli Maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchilarga yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish bo‘yicha profilaktik tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda ushbu tashkilot xodimlari, tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi. Ularga tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limining Profilaktika va nazorat bo‘linmasi inspektori Sherbek Erkinboyev, ushbu bo‘linma kichik inspektori Ikrom Bekmurzayevlar yong‘indan saqlanish, ochiq olov bilan o‘ynamaslik, elektr, tabiiy gaz uskunalariga teginmaslik lozimligini tushuntirdilar. Shuningdek, bolajonlarga yong‘in va uning salbiy oqibatlari aks etgan rasmlar namoyish etildi va ularga ushbu rasmlarni bo‘yash topshirildi. Ushbu mashg‘ulot davomida kichkintoylarning yong‘in oqibatlaridan juda ta’sirlangani, buni buyoqlarda aks ettirishga intilishi yaqqol namoyon bo‘ldi.

Tadbir oxirida tashkilot tarbiyachilari, murabbiylari va tarbiyalanuvchilari ishtirokida yong‘in hodisasi sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakat qilish va xavfsiz hududga chiqish bo‘yicha amaliy mashg‘ulot o‘tkazilib, bolajonlarning mavzu doirasida olgan bilimlari mustahkamlandi.

Buningdek profilaktik tadbirlar tumanimizning barcha hududlarida muntazam o‘tkazib boriladi.

Oygul RAJABOVA