“BESH MUHIM TASHABBUS - YOSHLARGA QANOT” NOMLI GRANT LOYIHASI DOIRASIDA TADBIR OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanining ijtimoiy-siyosiy va ommabop nashri – “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasining ilovasi “Mening oilam” gazetasi tahririyati Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat Fondi ta’sis etgan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi grant tanlovida “Besh muhim tashabbus – yoshlarga qanot” nomli loyihasi bilan qatnashib, g‘olib bo‘lgan edi.

Tahririyat xodimlari tomonidan grant loyihasi rejasi asosida yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilishga, sport sohasidagi qobiliyatlarini namoyish etishlariga sharoit yaratishga, kompyuter texnologiyalarini chuqur egallashga va undan samarali foydalanishga targ‘ib etuvchi qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Shuningdek, loyiha doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar orqali yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish maqsadida ular orasida kitoblar mutolaasi ahamiyati keng targ‘ib etilayotir, kitobxonlik tanlovlari tashkil etilayotir, nogironligi bo‘lgan yoshlarning hayotga intilishlarini kuchaytirishga xizmat qiluvchi turli tadbirlar o‘tkazilayotir. Nogironligi bo‘lgan iqtidorli yoshlar haqida gazetada muntazam maqolalar berib borilmoqda.

Grant loyihasi ish rejasiga muvofiq 13 sentyabr kuni tumandagi 11-sonli maktabda Qipchoq ovuli hududida yashovchi nogironligi bo‘lgan yoshlar va maktab o‘quvchilari uchun “Kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish” mavzusida ochiq dars tashkil etildi.

Dastlab loyiha ijrochilaridan biri Oygul Rajabova ochiq dars ishtirokchilariga nogironligi bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning hayotga qiziqishlarini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan loyiha ahamiyati haqida va mazkur darsdan kutilayotgan natijalar haqida keng tushuncha berdi.

Ochiq darsda maktabning informatika fani o‘qituvchisi Gulchehra Qurbonboyeva kompyuter texnologiyalaridan samarali foydalanish, uning ta’lim olishda, ishlab chiqarish jarayonlarida zarur manbalarni topib o‘rganishdagi ahamiyati va yo‘l-yo‘riqlari haqida batafsil ma’lumotlar berdi. Sinfxonadagi elektron doska orqali o‘quvchilarga topshiriqlar berilib, ijrosi nazorat qilindi.

Maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Matluba Qurboniyozova o‘quvchilarning kompyuter savodxonligini sinovdan o‘tkazish maqsadida ochiq dars mavzusiga doir og‘zaki savol-javoblar o‘tkazdi. Ushbu jarayonda o‘quvchilarning zamonaviy axborot texnologiyalarini puxta egallayotganliklari yaqqol namoyon bo‘ldi. Shuningdek, mavzu yuzasidan o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berilib, ularning bu boradagi bilimlari mustahkamlandi.

E’tirof etish joizki, grant loyihasi ish rejasi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar, tanlovlar, ma’naviy-ma’rifiy kechalar va konsert dasturlari nogironligi bo‘lgan yoshlar orasida “Besh tashabbus” tamoyillarini keng joriy etishga, ularni ijtimoiy-ma’naviy yuksaltirishga va hayotga qiziqishlari ortishiga zamin bo‘layotir. Shu ma’noda olib qaraydigan bo‘lsak, maktabda o‘tkazilgan mazkur ochiq dars ham o‘quvchilar uchun juda ahamiyatli bo‘ldi, deyish mumkin.

Sevara Ismoilova