“ZAKOVAT” INTELLEKTUAL OʻYININING TUMAN BOSQICHI QIZIQARLI TAASSUROTLARGA BOY BOʻLDI

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 20 yanvardagi “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 5 ta muhim tashabbus olimpiadasi doirasida Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktab o‘quvchi-yoshlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinining tuman bosqichi o‘tkazildi.

O‘yin hamkor tashkilotlar mas’ullari, xususan, “Zakovat” nadavlat notijorat tashkiloti hududiy koordinatori Dilshodbek Jumaniyazov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bshlimi rahbari Sardorbek Ismailov, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ul xodimi Zafar Abdullayev, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Amudaryo tuman bo‘linmasi xodimi Zarifa Soatboyevalar hamkorligida tashkillashtirildi. Unda tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 85 ta umumta’lim maktablarining 85 ta bilimdonlar jamoalari qatnashib, o‘quvchi-yoshlar maktabda olgan bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi.

Intellektual o‘yin Nizomiga ko‘ra, barcha jamoalar a’zolari umumta’lim maktablari uchun belgilangan fanlar dasturi bo‘yicha olgan bilimlari, shuningdek, epchilliklari va hozirjavobliklarini amalda namoyish etdilar. Bundan tashqari, savollarga javob berishda o‘quvchilarning yuqori darajada aniqlik, mantiqiy fikrlash doirasining kengligiga alohida e’tibor qaratildi.

Keskin, muntozarali, shu barobarida qiziqarli taassurotlarga boy tarzda o‘tgan “Zakovat” intellektual o‘yinida har bir savoldan keyin bilimdon va mantiqiy fikrlash doirasi keng o‘quvchilar o‘zlarining alohida iqtidorli ekanliklarini namoyon etishib, g‘oliblik sari dadil intildilar.

O‘yin davomida eng kuchli deb tan olingan 65-sonli, 22- va 29-sonli maktablarning bilimdon o‘quvchilari g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashdilar. Ayniqsa, 65-sonli va 22-sonli maktablarning zakovatli o‘quvchi-yoshlari o‘rtasidagi bahslar yanada qiziqarli taassurotlarga boy bo‘ldi. O‘zlari ta’lim-tarbiya olayotgan maktab va maktabdoshlari, qolaversa, ustozlari sha’ni, obro‘si uchun qizg‘in bahslashgan 65-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchi-yoshlari faxrli 1-o‘rinni egallashdi. 22-sonli va 29-sonli maktablarning jamoalari esa zakovat bahslarida biri-biridan qolishmasliklarini namoyon etishib, har ikkala jamoa ham durang natijani qayd etishdi va 2-o‘rin sohiblari bo‘lishdi.

Musobaqa g‘oliblari bo‘lgan 65-, 22- va 29-sonli maktablarning bilimdonlar jamoalari “Zakovat” intellektual o‘yinining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar.

G‘olib jamoalar hamkor tashkilotlar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Shunisi e’tiborliki, “Besh muhim tashabbus” olimpiadasi doirasida o‘tkazilayotgan mazkur bilimdonlik bo‘yicha bellashuvlar o‘sib kelayotgan yosh avlodning yuksak maxnaviyatli, jismonan va axloqan yetuk, shu bilan birga zamon bilan hamnafas, maktab dasturidagi fanlarni mukammal o‘zlashtirishlarini ta’minlashga yo‘naltirilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA