“XAVFSIZ TUN” TEZKOR VA PROFILAKTIK TADBIRI OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanida hududda qonun ustuvorligini, fuqarolar, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida “Xavfsiz tun” tezkor profilaktik tadbiri tashkil etildi.

Shu yil 13 sentyabr kuni Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida ko‘rsatilgan vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan ushbu tadbirda tuman Ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektorlari, Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi, prokuratura, Qo‘riqlash bo‘limi, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, Tibbiyot birlashmasi xodimlari, fuqarolar yig‘inlari raislari, hokim yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari ishtirok etishdi.

Tuman hokimligi binosi oldida dastlab tegishli topshiriqlarni belgilab olish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ikkinchi mintaqaviy hudud mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi bosh inspektori Qayrat Pirniyazov hamda tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamoladdin Yusupov va boshqa mas’ullar qatnashishdi.

Yig‘ilishni tuman hokimi Sobir Xo‘jametov kirish so‘zi bilan ochib berdi va Prezidentimizning 2021 yil 29 noyabr kungi “O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati xakida qisqacha to‘xtaldi. Ushbu Farmonning ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika miqyosida “Xavfsiz tun” tadbirlari o‘tkazilayotgani, barcha huquq-tartibot idoralarining jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi hamkorligi o‘z samarasini berishi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Yig‘ilishda “mahallalar beshligi” ishlash tizimini kuchaytirish lozimligi, hozirgi kunda bu boradagi ishlar Prezidentimizning talablari bo‘yicha yetarli darajada olib borilmayotgani, agarda shu beshtalik hamjihatlikda ish olib borsa, hech bir mahallada muammo qolmasligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng Prezident Farmoni ijrosini ta’minlash, tumandagi 12 ta “qizil” toifadagi mahallalarda vaziyatni barqarorlashtirish va “qizil” toifadan chiqarish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar belgilab olindi.

Ushbu kriminogen jinoyatchilik oshgan mahallalarda jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida “Xavfsiz tun” tadbiriga tungi bo‘lishtiruv amalga oshirilib, tegishli topshiriqlar berildi.

Tadbirga jalb qilingan xodimlarga mahallalarga bo‘lingan holda tungi vaqtda bemaqsad yurgan fuqarolar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazish, ushbu fuqarolarning shaxsiga oydinlik kiritish, bemaqsad yurgan shaxslarni huquqbuzarlik va jinoyat sodir etmaslik to‘g‘risida rasman ogohlantirish va boshqa vazifalar topshirildi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 8 oyi davomida tumanda 12 ta mahalla “qizil” toifaga kiritilgan. Ushbu toifaga 1-sektor bo‘yicha Beshtom, Gulzor, Oybek nomli mahallalar, 2-sektor bo‘yicha Do‘rman, Qilichboy, O‘rta qal’a ovullari, Do‘stlik mahallasi, 3-sektor bo‘yicha Kuyuk ko‘pir ovuli va O‘zbekiston mahallasi, 4-sektor bo‘yicha esa Beruniy, Navoiy nomli mahallalar va Toshyop ovuli kiritilib, ularni “sariq” va “yashil” toifaga kiritish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” belgilab olingan.

“Xavfsiz tun” tadbiri davomida “qizil” toifaga kiritilgan ushbu hududlardagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari hamda boshqa jamoat joylari tekshirildi. Kechki vaqtlarda faoliyat olib boradigan ko‘ngilochar maskanlar va ularda ishlaydigan shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Tadbirga jalb qilingan xodimlar voyaga yetmaganlarning tungi vaqtda ota-ona nazoratisiz yurishi salbiy holatlarga sabab bo‘lishi, farzandlari tarbiyasini e’tiborsiz qoldirgan ota-onalar ham javobgarlikka tortilishini aytib o‘tishdi. Huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning salbiy oqibatlari, ularga nisbatan beriladigan jazo choralari to‘g‘risida ham tushunchalar berishdi.

Reyd davomida tuman markazida joylashgan tashkilot va korxona binolari qorovullari, qo‘riqlovchilari hushyor turish to‘g‘risida ogohlantirildi. Ularga o‘zgalarning qarovsiz qoldirilgan mulklari, mulk egasini topish, shuningdek, mulklarni qarovsiz qoldirmaslik haqida fuqarolarga eslatib turish kerakligi to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.

Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, xavfsiz muhitni yaratish, tumanni jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish maqsadida hamkorlikda o‘tkazilgan “Xavfsiz tun” tadbirida kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda muammolarni “mahallabay” va “xonadonbay” aniqlab hal etish, “ijtimoiy profilaktika” tizimini to‘liq joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi. Shuningdek, huquq-tartibot idoralari rahbarlari va o‘rinbosarlari “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalarga shaxsan mas’ul etib biriktirildi.

Tuman hududida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Xavfsiz tun” profilaktik tadbiri o‘zaro hamkorlikda va uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.

Ilhom Abutov, tuman IIB HPB boshlig‘i.