SAYYOR SUD MAJLISIDA HUQUQBUZARLARGA JAZO TAYINLANDI

Туман янгиликлари

Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi tomonidan sayyor sud majlisi o‘tkazildi.

2023-yil 12-sentyabr kuni Amudaryo muhandislik texnikumi binosida bo‘lib o‘tgan ushbu sayyor sud majlisida tuman hududidagi mahallalardan birida yashovchi, jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzib, huquqbuzarliklar sodir qilgan 6 nafar fuqaroga doir to‘plangan ish materiallari ko‘rib chiqildi.

Sayyor sud majlisida huquqbuzarlar noqonuniy hatti-harakatlar sodir qilishganini, endilikda pushaymon ekanligini tan olishdi. Sud mas’ullari har qanday huquqbuzarlik va jinoyat uchun jazo muqarrarligi, uni sodir qilgan shaxs qonunga muvofiq javob berishini tushuntirishdi.

Ushbu fuqarolardan 2 nafari O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 131-moddasi,  1 nafari 183-moddasi va 194-moddasi, 2 nafari 183-moddasi tegishli qismlarida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgani uchun belgilangan jazoga loyiq deb topildi. O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi tegishli moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan yana bir fuqaro esa jabrlanuvchi bilan o‘zaro yarashgani sababli unga nisbatan ochilgan ish tegishli tartibda harakatdan tugatildi.

Hududlarda aholi o‘rtasida o‘tkazilayotgan bu kabi sayyor sud majlislari o‘ziga xos ibrat va tarbiya maktabini o‘tamoqda. Shuningdek, fuqarolarning jinoyat va huquqbuzarliklarga jazo muqarrarligini tushunib yetishlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

A.Safarov, Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi.