XOTIN-QIZLAR VA BOLALARGA NISBATAN ZOʻRAVONLIKNING OLDINI OLISH BOʻYICHA TARGʻIBOT TADBIRI BOʻLIB OʻTDI

Туман янгиликлари

Xotin-qizlarning manfaatlarini ta’minlash, jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarning faol ishtirokchisiga aylanishlari uchun bugungi kunda qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Ularning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi hamda bandligini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

16-sentyabr kuni Amudaryo tumanidagi 82-sonli umumta’lim maktabida yoshlarni yot g‘oyalardan asrash hamda xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tuman hokimligining din ishlari bo‘yicha bosh mutaxassisi Muzaffar Sherimbetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Ma’naviyat-ma’rifat” markazi tuman bo‘limi bosh mutaxassisi Maxmud Eshmanov, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlararo markazi direktori Gavhar Chimbaychiyeva, maktab direktori Zafar Axmanov, o‘qituvchilar hamda yuqori sinf o‘quvchilari ishtirok etdilar.

Tadbirda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlararo markazi direktori Gavhar Chimbaychiyeva so‘zga chiqib so‘nggi yillarda ayollar tadbirkorligi, tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, xotin-qizlar bandligi va ularni kasb-hunarga o‘qitish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlarga davlat grantlari ajratish, ularning muammolarini o‘rganish va manzilli hal etish borasida amaliy ishlar olib borilayotgani, “Ayollar daftari”ga 6ta mezon asosida 3000 dan ortiq xotin-qizlar kiritilib, ularning muammolari hal etilayotgani haqida aytib o‘tdi.

Shu bilan bir qatorda, jamiyatda xotin-qizlarning o‘z o‘rnini topishiga to‘sqinlik qilib kelayotgan muammo va illatlar ham mavjud bo‘lib, ularga qarshi kurashish dolzarb hisoblanadi. Ulardan biri xotin-qizlar va bolalarga nisbatan ko‘rsatilayotgan tazyiq va zo‘ravonlikdir.

O‘zbekiston Respublikasida xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida xalqaro normalar talablariga uyg‘un qonunchilik asoslarini yaratish va takomillashtirish, qolaversa, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollar va bolalar muhofazasi bilan bevosita shug‘ullanuvchi davlat va nodavlat tashkilotlarining tashkiliy-huquqiy asoslari kengaytirildi.

Tadbir davomida tuman hokimligining din ishlari bo‘yicha bosh mutaxassisi Muzaffar Sherimbetov yoshlar har bir jamiyatning eng ishongan va muhim qatlami hisoblanishini, mamlakatning ertangi kuni ularning qanday shaxs bo‘lib shakllanishlari hamda maqsadlariga bog‘liqligini, shu sababdan ularni zararli g‘oyalar va yot fikrlardan himoyalash dolzarb mavzu ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Hozirda yoshlar ongiga ta’sir qilib, ularga o‘z buzg‘unchi g‘oyalarini singdirishni yoki ularni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirishni maqsad qilgan kuchlar tobora ortib bormoqda. Bu holat oddiy kompyuter o‘yinlaridan tortib internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar, mobil aloqa dasturlarida ham ko‘zga tashlanadi. Yuzaki qaraganda, arzimas tuyuladigan bu harakatlar vaqt o‘tgani sari jiddiylashib boraveradi.

Aytish kerakki, mamlakatimizda yoshlarni terroristik, ekstremistik va boshqa buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan himoya qilishga qaratilgan jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada umumta’lim maktablari o‘quvchilari orasida tashkil etilayotgan targ‘ibot va tushuntirish tadbirlarining ahamiyati katta.

Targ‘ibot tadbiri davomida o‘quvchilarga sababsiz dars qoldirmasliklari, o‘tilayotgan har bir darsni qunt bilan o‘zlashtirishlari lozimligi, maktabga o‘z vaqtida kelish va ketish zarurligi, shuningdek, har bir o‘quvchi odob-axloq qoidalariga amal qilishlari, har bir daqiqadan unumli foydalanib bilim olishlari lozimligi tushuntirildi.

Yig‘ilish so‘ngida mavzu yuzasidan ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.

Sevara Ismoilova, Tuman hokimligi Axborot xizmati