AMUDARYO TUMANI “YOZGI BIATLON” BOʻYICHA QORAQALPOGʻISTON CHEMPIONATIGA MEZBONLIK QILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanida qoraqalpog‘istonlik yoshlar o‘rtasida yozgi biatlon bo‘yicha Qoraqalpog‘iston chempionati musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

15-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining tegishli buyrug‘iga asosan o‘tkazilgan ushbu musobaqalarda respublika hududidagi tumanlardan 8 ta jamoa ishtirok etdi.

Tashkilotning Amudaryo tumani Kengashi o‘quv-sport texnika klubi o‘quv-mashq maydonchasida tashkil etilgan musobaqa ertalabdan tantanali ravishda boshlandi. Yoshlar o‘rtasida sportning texnik va amaliy turlarini yanada kengroq targ‘ib etish maqsadida o‘tkazilgan ushbu tadbirda tuman hokimligi, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tuman Kengashi, Yoshlar ishlari Agentligi tuman bo‘limi, Sport maktabi hamda boshqa hamkor tashkilotlar mas’ullari ham ishtirok etishdi.

Tadbirni “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi Quvvat Razbekov ochib berdi va sportchilarga omad tiladi. Shuningdek, u yozgi biatlon sport turida yengil atletikaning kross va miltiqdan nishonni poylash elementlari mujassamligini, biatlonchining asosiy maqsadi, belgilangan masofani maksimal tezlikda yugurib o‘tib, nishonni aniq mo‘ljalga olish ekanligini ta’kidladi. Musobaqalar davomida sportchilar nishonni poylashda bexato harakat qilishi, kuchlarini masofaning barchasiga bir xil taqsimlay olishi kerakligini, shunisi bilan ushbu sport boshqa turlardan farq qilishini aytib o‘tdi.

Amudaryo tumani O‘quv-sport texnika klubi boshlig‘i Azizbek Ismoilov ham mazkur musobaqa respublikamiz yoshlari o‘rtasida sportning texnik va amaliy turlaridan biri sanalgan yozgi biatlonni yanada rivojlantirish, uni o‘g‘il-qizlar orasida ommalashtirish va iqtidorli sportchilarni aniqlab olish maqsadida tashkil etilgani, g‘oliblar O‘zbekiston chempionatida ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishini e’tirof etdi.

Musobaqalarda respublikamizning turli hududlaridan kelgan mahoratli sportchilar o‘z shijoatini, chaqqonligini namoyish etishga muvaffaq bo‘lishdi. Musobaqa shartiga ko‘ra jamoalarning har bir a’zosi 3000 metrga yugurish va oraliqda bir marta tik turgan holatda, keyingi aylanani yugurib o‘tib, yotgan holatda havo miltig‘idan nishonlarga o‘q otish kabilarni bajarishdi. Agarda berilgan 5 ta o‘qdan nishonlarga kam tegsa, shuncha marta yugurib, belgilangan jarima aylanasini qo‘shimcha ravishda yugurib o‘tdilar.

Musobaqalar shu tarzda kurashlarga boy va qizg‘in o‘tdi. Barcha jamoalar g‘olib chiqish uchun harakat qildilar. Musobaqa davomida yaxshi natijalar ko‘rsatgan jamoalar g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin oldilar.

Murosasiz va qiziqarli o‘tgan bellashuvlarning yakuniy natijalariga ko‘ra, yozgi biatlon bo‘yicha Qoraqalpog‘iston chempionatida 1-o‘rinni Beruniy tumani O‘quv-sport texnika klubi jamoasi, 2-o‘rinni Amudaryo tumani O‘quv-sport texnika klubi, 3-o‘rinni To‘rtko‘l tumani O‘quv-sport texnika klubi jamoasi egallashdi. Yozgi biatlon bo‘yicha qoraqalpog‘istonlik yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan musobaqalarda g‘olib bo‘lgan yosh iqtidor egalari chempionatning O‘zbekiston bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Musobaqa yakunida g‘olib jamoa va shaxsiy birinchilikka erishgan sportchilarga “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan diplomlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

O.Xudoyberganova