TOSHYOP OVULIDA SAYYOR QABUL OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarildi. Bugun barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim yaratildi. Joylarda o‘tayotgan sayyor qabullar xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan natijalarni bermoqda. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak.

Bugungi kunda yurtimizda xalq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, avvalo insonning huquq hamda manfaatlarini ta’minlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun ko‘plab sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan sayyor qabullar jarayonida yordamga muhtoj aholining muammolari o‘rganilib, ko‘plab ijobiy natijalarga erishilmoqda.

15-sentyabr kuni Amudaryo tumani 4-sektori hududidagi Toshyop ovulida sayyor qabul bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Soliq boshqarmasi boshlig‘i X.Bekchanov hamda mas’ullar, mahalla faollari ishtirok etishdi.

Sayyor qabuldan ko‘zlangan maqsad mahalladagi fuqarolarning muammolarini o‘rganish, ijobiy hal etilishiga ko‘maklashish, taklif hamda tavsiyalarini tinglashdan iboratdir.

Sayyor qabulda mahalla fuqarolari qatnashib, sektor rahbariga mavjud muammo va kamchiliklar bilan murojaat qildilar.

Qabul davomida mas’ullarga fuqarolar tomonidan 11ta murojaatlar kelib tushdi. Shundan oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan farzandlarining kontrakt pullarini to‘lab berish masalasida 2ta, oshxona jihozini olib berish masalasida 1ta, moddiy yordam puli olish masalasida 1ta, ko‘chada avtomoshinalar harakatlanishi uchun yo‘l chiqarib berish masalasida 1ta, ko‘chasiga tosh-shag‘al yoyib berish masalasida 1ta, ish bilan ta’minlash bo‘yicha 2ta, ko‘prikni ta’mirlash masalasida 1ta, ichki ko‘chalarni kengaytirish masalasida 1ta, subsidiya asosida tikuv mashinasi olish bo‘yicha 1ta murojaatlar kelib tushdi.

Murojaatlarning 5tasi joyida qanoatlantirildi, 1tasiga asosli tushunchalar berildi. Qolgan 5ta murojaatlar tegishli masala bo‘yicha idora va tashkilotlarga yuborilib, ijrosi nazoratga olindi.

Shuningdek, sayyor qabul davomida mahalladagi ehtiyojmand 16ta oilaga subsidiya asosida 39ta qo‘y, 1ta duxovka va 2ta tikuv mashinasi berildi.

Yig‘ilishda murojaatlar ko‘rib chiqilishi va tez orada hal qilinishiga kelishib olindi.

Joylarda tashkil qilinayotgan bu kabi sayyor qabullar natijasida hukumat idoralari va xalq o‘rtasidagi ko‘rinmas devor olib tashlanib, yordamga muhtoj fuqarolar o‘z muammolarini mutasaddi tashkilot rahbarlariga to‘siqsiz yetkazishmoqda. Bu orqali ko‘plab muammolar hal qilinib, xalq va davlat yagona bir maqsad – vatan taraqqiyoti yo‘lida birdek harakat qilayotir.

Tuman hokimligi Axborot xizmati