“BARKAMOL AVLOD” BOLALAR MAKTABIDA “OCHIQ ESHIKLAR KUNI” TADBIRI BOʻLIB OʻTDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi tom ma’noda har tomonlama yetuk va barkamol yoshlarni tarbiyalashda o‘z mavqeiga ega ta’lim-tarbiya maskanlaridan biri sanaladi. Ayni paytda mazkur muassasada 75 nafar xodim faoliyat olib borishadi. Shulardan 65 nafari turli yo‘nalishlar bo‘yicha pedagoglar, 10 nafari texnik xodimlardir. Pedagog-xodimlarning 34 nafari oliy, 7 nafari tugallanmagan oliy, 26 nafari esa o‘rta maxsus ma’lumotga ega mutaxassislardir.

Maktabda 69ta to‘garak tarkibidagi 139ta guruhda 1668 nafar o‘quvchi-yoshlar o‘zlari qiziqqan yo‘nalishlardagi to‘garak mashg‘ulotlarida qatnashish orqali qobiliyat va iqtidorlarini rivojlantirishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Asosiy 7ta, ya’ni madaniyat va san’at, texnika konstruktorlik va modellashtirish, jismoniy tarbiya va sport, hunarmandchilik va qo‘l mehnati, turizm va ekologiya, oliy ta’lim muassasalari va maktab ta’limiga tayyorlov, xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat olib boruvchi 69ta to‘garakda shug‘ullanayotgan o‘quvchi-yoshlar orasida turli musobaqalar, ko‘rik-tanlovlar g‘olib va sovrindorlari bor.

Joriy yilning 15-sentyabr sanasida “Barkamol avlod” bolalar maktabida “Buyuk kelajakka barkamol avlod bilan” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Yangi o‘quv yili boshlanayotgani munosabati bilan o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” bayram tadbiriga Mang‘it shahridagi 40-, 82-, 76-, 31-sonli umumta’lim maktablarining o‘quvchi-yoshlari hamda mahallalardagi ota-onalar faollari taklif etildi.

Tadbir ishtirokchilari, avvalo, maktab o‘quvchi-yoshlarining tasviriy san’at, liboslar dizayni, robototexnika va konstruktorlik, yosh dasturchi, bichish-tikish, yumshoq o‘yinchoqlar, to‘qish va kashtachilik, badminton, shaxmat va shashka, stol tennisi, yosh o‘lkashunos va sayyoh, yosh ekolog va tabiatshunos hamda umumta’lim fanlari bo‘yicha to‘garaklarda egallagan mahorat, bilim va ko‘nikmalari haqida hikoya qiluvchi ko‘rgazma bilan yaqindan tanishdilar. Albatta, ota-onalar o‘z farzandlari tomonidan tayyorlangan va ko‘rgazmaga qo‘yilgan buyumlarni, ularning turli bellashuv, ko‘rik-tanlov va musobaqalarda erishgan yutuqlari haqida hikoya qiluvchi sovrinlarini faxrlanib tomosha qildilar.

Shundan so‘ng, o‘quvchi-yoshlar “Barkamol avlod” bolalar maktabining milliy raqs, estrada-vokal to‘garaklarida ustozlari rahbarligida o‘rgangan kuy-qo‘shiqlari va raqslaridan iborat konsert dasturini namoyish etdilar. Konsert dasturining milliy raqs yo‘nalishidagi qismida jajji raqqosa qizlar Xorazm xalq raqslarini, doira raqsi, Andijon polkasi, shuningdek, surxoncha hamda folklor raqslarini mahorat bilan ijro etib, tadbir ishtirokchilarining olqishlariga sazovor bo‘ldilar.

Estarada-vokal to‘garagi a’zolari tomonidan ijro etilgan Vatanni, onani, do‘stlik va tinchlikni, mustaqillikni madh etuvchi qo‘shiqlar ularning ota-onalariga zavq-shavq bag‘ishladi, o‘z navbatida ota-onalar farzandlarining iqtidorli, bilimdon, hunarmand insonlar bo‘lib kamol topayotganlaridan mamnun ekanliklarini izhor etdilar.

Robiya YO‘LDOSHЕVA