“AYOLLAR DAFTARI” ROʻYXATIDAGI XOTIN-QIZLARGA REABILITATSIYA VOSITALARI TOPSHIRILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanida Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga reabilitatsiya vositalarini topshirishga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

15-sentyabr kuni Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish tumanlararo markazi binosida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Maryam Ahmedova, Jo‘qorg‘i Kenges qo‘mita raisi Sharapat Otemisov, tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova, Markaz direktori Gavhar Chimbaychiyevalar ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi Prezidentimizning 2021 yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq tashkil etilgani, jamg‘arma o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 4 noyabrdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida olib borayotganini ta’kidlab o‘tishdi. Shuningdek, Jamg‘armaning asosiy maqsadi xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga moddiy yordam ko‘rsatish, oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarni egallashda ularga ko‘maklashish va rag‘batlantirishdan iboratligini e’tirof etishdi.

Tadbir davomida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ehtiyojmand xotin-qizlarga tegishli tartibda reabilitatsiya vositalari ajratilayotgani, bu boradagi amaliy ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgani to‘g‘risida ham so‘z yuritildi. Shuningdek, hududlarda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sog‘lig‘ini saqlash, ayollar sportini rivojlantirish, ularning mehnat va o‘qish sharoitlarini yaxshilash bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirishga ko‘maklashilayotgani aytib o‘tildi.

Undan tashqari, bu borada Amudaryo tumanida olib borilayotgan ishlarga ham qisqacha to‘xtalib o‘tilib, 4-bosqich “Ayollar daftari”ga 5398 nafar xotin-qizlar kiritilgani, ulardan 1943 nafarini ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz, 685 nafarini tadbirkorlik qilish istagini bildirgan, 1183 nafarini boquvchisini yo‘qotgan, 911 nafarini ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj, 30 nafari uy-joyga muhtoj xotin-qizlar, 646 nafari qaramog‘ida nogironligi bor farzandlari bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar tashkil qilishi ma’lum qilindi. O‘tgan davr mobaynida “Ayollar jamg‘armasi” tomonidan 873 mln. 840 ming so‘m mablag‘ ajratilib, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan va tezkor tibbiy muolajaga muhtoj 774 nafar xotin-qizlarga BHMning 4 barobari miqdorida bir martalik moddiy yordamlar ko‘rsatilgani qayd etildi.

Shundan so‘ng, tadbirga tashrif buyurgan mas’ullar 4-bosqich “Ayollar daftari”da turgan 24 nafar xotin-qizlarga Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan keltirilgan reablitatsiya vositalarini topshirishdi. Nogironligi bo‘lgan ayol-qizlardan 4 nafariga hassa tayoq, 10 nafariga eshitish moslamasi, 10 nafariga nogironlik aravachasi berildi.

O‘zlariga ko‘rsatilgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan ayol-qizlar davlatimizga, mas’ullarga katta minnatdorchilik bildirishdi.

O.Xudoyberganova