OʻRMONLAR – TABIIY BOYLIGIMIZ

Туман янгиликлари

O‘rmon – tabiatning bebaho ne’mati. Hayvonot va o‘simlik dunyosini saqlash va ularni ko‘paytirishda, iqlim o‘zgarishlarni mo‘tadillashtirishda, tuproq eroziyasiga qarshi kurashish, cho‘l hududlarida qumlarning ko‘chishini to‘xtatish, tuproqning meliorativ holatini yaxshilashda ihota o‘rmonlari katta ahamiyatga ega. Ushbu yashil boyliklarni asrash, yurtimizdagi ekologik vaziyatni yaxshilash va uning salbiy oqibatlarining oldini olishda esa o‘rmon xo‘jaliklari muhim o‘rin tutadi.

Qipchoq davlat o‘rmon xo‘jaligi ham hududdagi tabiiy muhitni mo‘tadillashtirib turuvchi, yog‘och, dorivor va boshqa turdagi o‘simliklar, ularning urug‘larini, turli manzarali daraxtlar ko‘chatlarini yetishtirib beruvchi manba bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.

Qipchoq va Qilichboy ovullari hududida joylashgan ushbu xo‘jalikning umumiy yer maydoni 16545,8 gektardan iborat. Shundan 3798,3 gektari o‘rmon bilan qoplangan maydonlar, 855 gektari tutashmagan  o‘rmonzorlar, 11,4  gektari o‘rmon ko‘chatxonalari hisoblanadi. Taqir yerlar ham mavjud bo‘lib, ular 6,87 gektarni, haydaladigan yerlar 24,5 gektar, yaylovlar 2689,9 gektarni tashkil qiladi. Hududdagi suvli yerlar 2,4 gektar, qumliklar 1894,9 gektar, boshqa yerlar esa 6748,2 gektarga yaqin.

O‘rmon xo‘jaligida 57 nafar xodim ishlaydi. Ularning 13 nafari oliy, 24 nafari o‘rta maxsus,  23 nafari o‘rta ma’lumotli.

Xo‘jalikda joriy yilda madaniy o‘rmonzor barpo qilish, tumandagi korxona-tashkilotlarni ko‘chatlar bilan ta’minlash va ko‘chatxona tashkil etish uchun urug‘ tayyorlash yillik rejasi 4000 kg. qilib belgilangan bo‘lsa, hozirgi kungacha 16250 kg. urug‘lar tayyorlandi. Shundan 15730 kg. qismi saksovul urug‘lari bo‘lib, ular terilganidan so‘ng, Orol dengizining qurigan tubi va tumanimizning o‘rmon barpo etiladigan qumli hududlariga sepildi. Urug‘dan madaniy o‘rmon barpo qilish yillik rejasi 246,9 gektar qilib belgilangan bo‘lsa, hozirgi kungacha 245 gektardagi qumli hududlarga  saksovul urug‘lari sepildi, 1,75 gektar yerga yasen, klyon, katalpa va oqterak ko‘chatlari o‘tqazildi.

Xo‘jalikning 11,35 gektar maydonida ko‘chatxona tashkil qilingan. U yerda urug‘ va nihollar ekilgan bo‘lib, hozirda 901 ming dona nihol va ko‘chatlar mavjud. Kuz oylarida “Yashil makon” davlat dasturining ijrosini ta’minlash maqsadida tumandagi korxona, tashkilot va maktab, bog‘chalarga homiylik asosida 64110 dona har xil manzarali daraxtlar ko‘chatlari va qalamchalari yetkazib berildi.

Joriy yilda Toshyop, Zarbdor, Mang‘it va Namuna massivlarida yangidan 19 gektar maydonda tut ko‘chatlari ekildi. Ushbu ihotazorlar sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, garmseldan himoya qilish va hosildorligini oshirishga xizmat qilib kelmoqda. Bundan tashqari, ichki turizmni rivojlantirish maqsadida o‘rmon fondi hududida “Sohil bo‘yi” dam olish maskani tashkil etildi. Bu maskanda aholining oilaviy dam olishlari uchun qora uy, cho‘milish havzasi, qayiq va boshqa cho‘milish anjomlari, qumli maydon tashkil etilgan.

O‘rmonlar – yurtimizdagi tabiiy boyliklarimizdir. Har birimiz ushbu boyliklarni asrashimiz, ularni yanada ko‘paytirishga imkon qadar ko‘proq hissa qo‘shishimiz kerak.

O.Xudoyberganova.