HOKIM YORDAMCHISI EHTIYOJMAND OILALARGA QOʻY-ECHKI OLISHGA YORDAM BERDI

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 dekabrdagi 29-sonli Farmoniga muvofiq, respublikamizning har bir mahallasida hokim yordamchilari lavozimi tashkil qilingan edi.

Aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy ko‘maklashish, ularning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish orqali kambag‘allikni qisqartirish hokim yordamchilarining asosiy vazifalaridan sanaladi.

Akbar Xo‘jamuratov ham boshqa hamkasblari qatori tumandagi Bosuv mahallasida hokim yordamchisi bo‘lib ish boshladi. Ish faoliyatining birinchi kunidan davlat siyosatini mahallagacha tushirish, aholi bandligini ta’minlash, ularning daromadini ko‘paytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, shu orqali kambag‘allikni qisqartirishni o‘ziga bosh maqsad qilib oldi.

Akbar Xo‘jamuratov mahalladagi har bir xonadonning, shuningdek, har bir fuqaroning yashash sharoitini uyma-uy yurish orqali o‘rganish, mahallada muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar va mahalla faollari bilan hamkorlikda ishlash va doimiy fikr almashish vazifalarni to‘g‘ri belgilashda deb biladi.

Shuningdek u o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlagan, kengaytirmoqchi bo‘lganlarga ko‘maklashish, bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lmagan fuqarolarni o‘quv kurslarida o‘qitish, ishsiz aholini ish bilan band qilib, oilalar daromadini ko‘tarish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar olish kabi ishlarga ko‘maklashib kelmoqda.

Jumladan, hokim yordamchisining amaliy ko‘magi bilan mahallada “Bosuv qo‘y-echki junlarini yetishtirish kooperatsiyasi” tashkil etildi. Unga mahalladagi 62 nafar ishsiz fuqarolar a’zo qilindi. Shuningdek, kooperatsiya a’zolarining bandligini ta’minlash maqsadida yaqinda mahallada yashovchi 15 nafar fuqaroga qo‘ylar olib berildi.

Hokimi yordamchisi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalardan tashqari, har bir fuqaro muammolarini tinglash, ularni hal qilish, ijtimoiy ko‘maklashish, nogironligi bor va ijtimoiy qiynalgan aholi qatlamidan doimiy xabar olib turish kabi ishlarni sidqidildan bajarib kelmoqda.

Hokim yordamchisining sa’y-harakatlari bilan o‘tgan davr mobaynida mahallada yashovchi 730ta xonadon xatlovdan o‘tkazilib, ular ijtimoiy-iqtisodiy sharoitiga qarab toifalarga ajratib olindi. Xatlov natijalariga ko‘ra mahalladagi ishsizlarning bandligini ta’minlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha bir qancha ishlarni amalga oshirdi.

Jumladan, 2022 yilda 86 nafar fuqaroga kredit berish, 7 nafar fuqaroni kasb-hunarga o‘qitish, 128 nafar fuqaroning o‘zini-o‘zi band qilishi, 87 nafar fuqarolarga yer ajratish, 174 nafar fuqaroni doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirish, 11 nafar fuqaroga subsidiyalar ajratish orqali yuzlab fuqarolarning bandligi ta’minlandi.

Joriy yilning 9 oyi davomida esa mahalladagi 120 nafar fuqaroga kredit berish orqali tadbirkorlikka yo‘naltirish, 19 nafar fuqaroni kasb-hunarga o‘qitish, 81 nafar fuqaroning o‘zini-o‘zi band qilishi, 2 nafar fuqaroga yer ajratish, 121 nafar fuqaroni doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirish va 22 nafar fuqaroga subsidiya ajratish orqali yana ko‘plab yurtdoshlarimizning bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, mahallada yangi tadbirkorlik subyektlarining soni yana 10taga ko‘payishida ham hokim yordamchisining hissasi bor.

Albatta, amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar mahalladagi kam ta’minlangan oilalarning daromadlari oshishida muhim vosita bo‘ladi.

Sevara Ismoilova