“Serikboyev Soliy” fermer xoʻjaligi paxtakorlari tumanda birinchi boʻlib paxta tayyorlash boʻyicha kontraktatsiya shartnomasi shartlarini bajardi

Туман янгиликлари

Dehqonlar uchun kuz faslining har daqiqasi g‘animat. Boisi, shu faslda yil-o‘n ikki oy qishning qahratoni-yu yozning jaziramasida dalalarda qilingan mashaqqatli mehnatlar samarasi – yetishtirilgan hosil yig‘ib-terib olinadi.

Respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Amudaryo tumanidagi fermer xo‘jaliklarida ham yig‘im-terim ishlari kun sayin avj olmoqda. Dalalarda oppoq bo‘lib ochilgan paxtalarni chevar qo‘lli, chaqqon terimchilar imkon qadar tezroq yig‘ib-terib olishga intilmoqdalar. Kuzning quyoshli, iliq kunlarini g‘animat bilib, bugun kechagidan unumli ishlashga harakat qilmoqdalar.

Ana shunday sa’y-harakatlar tufayli Toshyop ovulidagi Soliy Serikboyev rahbarlik qilayotgan “Serikboyev Soliy” fermer xo‘jaligi paxtakorlari joriy yilning 24-sentyabrida kontraktatsiya shartnomasi shartlarini ortig‘i bilan bajardilar. 17 gektar paxta maydonidan ilk terimning o‘zidayoq 55 tonnadan ziyod paxta hosili terib olindi.

24 sentyabr kuni xo‘jalikda erishilgan mehnat natijasiga bag‘ishlab tantanali tadbir tashkil etildi. Unda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, Qoraqlpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, qishloq xo‘jaligi, ovul fuqarolar yig‘ini mas’ullari ishtirok etdilar. Tuman hokimi, sektorlar rahbarlari yig‘im-terimda faol ishtirok etgan barchani erishgan mehnat g‘alabasi bilan qizg‘in qutladilar, ilg‘orlarga qimmatbaho sovg‘alar hadya etdilar.

fermer xo‘jaligining bu yutug‘i o‘z-o‘zidan bo‘lmadi. 12 nafar pudratchilar erta bahordan paxta dalalarda to‘liq nihol olishga, unib chiqqan g‘o‘zalarni agrotexnika qoidalari asosida parvarish qilishga alohida e’tibor qaratdilar. Natijada kuzga kelib, har bir niholda mo‘l hosil to‘planishiga erishildi.

Yig‘im-terim mavsumini yuqori kayfiyatda boshlagan 12 nafar pudratchilarga hududning 48 nafar uyushmagan aholisi yaqindan ko‘makdosh bo‘lib, xo‘jalik paxta xirmonining barvaqt yuksalishiga munosib hissa qo‘shdilar. Olmagul Reyimova, Nasiba O‘rozboyeva, Umida Kamolova, Qarlig‘ash Ibodullayeva, Sanobar Japaqova, Jumabika Xolboyeva, Zebogul Yusupova, Umida Yusupova, Muqaddas Olloberganova, Pardagul Qozoqboyevalar paxta terimida ilg‘orlikni qo‘ldan bermay kelmoqdalar.

Erishilgan muvaffaqiyatga terimchilar uchun tushda dala boshida issiq ovqat, choy tashkil etilib, unumli ishlashga sharoit yaratilgani muhim asos bo‘ldi. Terim pullari o‘z vaqtida hisob-kitob qilib borilgani ham terimchilarni moddiy jihatdan rag‘batlantirib, yanada faol bo‘lishga chorladi.

Tumanimizning barcha fermer xo‘jaliklari paxta dalalarida ham hosil yig‘im-terimi kun sayin avjiga chiqayapti. Pudratchilar bilan bir safda ish bilan band bo‘lmagan aholi ham paxta terib, oilasi uchun daromad topayotir. Terilgan paxta ayni vaqtning o‘zida tarozida tortilib, terim haqi hisob-kitob qilinayapti.

Amalga oshirilayotgan buningdek sa’y-harakatlar paxta terimi kunlik sur’ati oshishini ta’minlayotir. Kontraktatsiya shartnomalari shartlarini bajarish uchun harakat qilib, marradan oshayotgan xo‘jaliklar soni esa tobora ko‘paymoqda. Dalalarda hamjihatlikda qilinayotgan mehnat tufayli qimmatbaho xomashyo – oppoq paxtalardan zalvorli xirmonlar bunyodga kelmoqda.

Tumanda birinchilardan bo‘lib paxta tayyorlash rejasi ado etilgan xo‘jalikda yig‘im-terim hali qizg‘in davom etayotir.

Oygul RAJABOVA