DOʻSTLIK MFYDA “OBOD VA XAVFSIZ MAHALLA” TAMOYILI ASOSIDA MUSOBAQALAR OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida har bir mahallada fuqarolarning osoyishtaligini ta’minlash, ularning tinch va osoyishta, hayotdan rozi yashashlari uchun xavfsiz muhit yaratish mexanizmlarini ishlab chiqish, xususan, Prezidentimizning besh muhim tashabbusini yoshlar hayotiga izchil tatbiq etish maqsadida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy chora-tadbirlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Ayniqsa, mahallalarda hamkor tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan “Uch avlod uchrashuvi”, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Zakovat” intellektual o‘yinlari, har xil yo‘nalishlardagi sport-sog‘lomlashtirish tadbirlariga turli toifadagi yoshlarning keng qamrab olinayotgani yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishdagi ahamiyati bilan xalqimizga manzur bo‘lmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokuraturasi, Ichki ishlar Vazirligi, milliy gvardiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasining Respublika hududidagi barcha mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini ishlab chiqish va uni mahallalar hayotiga keng joriy etish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini o‘tkazish haqidagi qo‘shma qarori ijrosini ta’minlash borasidagi tadbirlar ham joylarda tobora ommalashib, ko‘plab yoshlarni qamrab olmoqda.

Amudaryo tumanining Do‘stlik mahallasi hududidagi 2-sonli Amudaryo kasb-hunar maktabida mahalla yoshlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Zakovat” intellektual o‘yini, shuningdek shaxmat musobaqasi, mahallaning sportsevar yoshlari hamda uyushmagan yoshlar o‘rtasida mahalla birinchiligi uchun o‘tkazilgan minifutbol musobaqalari ham o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama yetuk, zakovatli, tafakkur dunyosi keng insonlar qilib tarbiyalash borasidagi ahamiyati bilan ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tezkor qidiruv xizmati boshlig‘i Umida Qurbonboyeva, Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosarlari Zamir Safarboyev, Sharapat Joldasboyev va Do‘stlik MFY mas’ullari hamkorligida tashkillashtirilgan mazkur musobaqalarda 2-sonli kasb-hunar maktabi o‘quvchi-yoshlari ishtirokidagi “Zakovat” intellektual o‘yini o‘zining jozibadorligi, iqtidorli yoshlarning o‘z qobiliyatlarini amalda namoyon etish imkoniyati yaratilgani bois, barchaga biri-biridan hayajonli daqiqalarni hadya etdi. O‘quvchi-yoshlar “Zakovat” intellektual o‘yini orqali o‘zlarining tafakkur dunyosini yanada boyitdilar, shu bilan birga yangi-yangi g‘oyalar ustida ishlash insonga nafaqat bilim, balki ma’naviy yetuklik sari intilib yashashda kuch ham berishini anglab yetdilar.

Musobaqaning keyingi davrasi shaxmat musobaqalari bilan yanada qiziqarli taassurotlarga boy bo‘ldi. Aql gimnastikasi musobaqalarida aqlan yetuklik sari intilayotgan yoshlar o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etishib, mahalladoshlarining olqishlariga sazovor bo‘ldilar.

Shu kuni Do‘stlik mahallasi yoshlari va uyushmagan yoshlar o‘rtasida sportning minifutbol turi bo‘yicha musobaqalar ham o‘tkazildi.

Mahalla birinchiligi uchun o‘tkazilgan minifutbol musobaqalarida o‘zaro kuch sinashgan jamoalar g‘oliblik uchun hamjihatlik bilan chiroyli o‘yin o‘tkazishib, musobaqa hakamlari va mahalladoshlari olqishiga sazovor bo‘ldilar.

Musobaqalar yakunida “Zakovat” intillektual o‘yini, shaxmat va minifutbol musobaqalarining g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan Diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Robiya YO‘LDOSHЕVA