OROLBOʻYI HUDUDLARIDA EKOLOGIYANI YAXSHILASHGA DOIR LOYIHANI AMALGA OSHIRISHGA BAGʻISHLANGAN SEMINAR OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturi va Global ekologik jamg‘armasining “Orol dengizi havzasi landshaftining tanazzul yerlarida barqaror hayotni ta’minlashni qo‘llab-quvvatlaydigan asos sifatida ko‘llar, suv-botqoq yerlar va qirg‘oqbo‘yi hududlarni saqlash hamda boshqarish” qo‘shma loyihasi doirasida davlat va nodavlat tashkilotlar hamda OAV vakillari ishtirokida seminar o‘tkazildi.

2023 yil 20 sentyabr kuni Amudaryo tumani hokimligi binosida loyihani amalga oshirish guruhi tomonidan o‘tkazilgan ushbu seminarda mazkur loyihaning maqsadi va vazifalari haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu loyiha Orolbo‘yi mintaqasi ko‘llari, suv-botqoq hududlarini saqlash va barqaror boshqarish bo‘yicha olib boriladigan amaliy ishlarni qamrab oladi.

Suv-botqoq hududlari jahondagi biologik xilma-xillik va eng qimmatli ekotizimlardan biridir. Bugungi kunda Orol dengizi havzasida ham ko‘llar, botqoq hududlar va qirg‘oq ekotizimlari saqlanib kelmoqda. Ko‘chmanchi qushlarning juda ko‘p turlari uchun O‘zbekiston juda muhim uchib o‘tish yo‘lida joylashgan. Masalan, Sudoche, Dengizko‘l, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi qishlovchi-ko‘chmanchi qushning asosiy makonlari hisoblanadi.

Seminar davomida ushbu loyihaning maqsadi – muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni, asosiy biologik xilma-xillik hududlari va asosiy ornitologik hududlar atrofidagi mahsuldor landshaftlarni yer va suv resurslarini kompleks boshqarish bilan birgalikda tuproq degradatsiyasining oldini olish orqali Quyi Amudaryo va Orol dengizi havzasi hududida ekotizimlar barqarorligini va hayot faoliyatini oshirishdan iboratligi keng tushuntirildi. Shuningdek, loyihaning maqsadli hududlari O‘zbekistonning janubiy va janubi-g‘arbida joylashgan Amudaryoning quyi oqimi va Orol dengizi havzasi hisoblanishi, bu hudud ma’muriy jihatdan Buxoro viloyatining Olot, Qorako‘l tumanlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo va Mo‘ynoq tumanlarini o‘z ichiga olishi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Loyihani amalga oshirish guruhi a’zolari maqsadli hududlarda  tabiiy ekotizimlarning ko‘pchiligi, ya’ni botqoq hududlar, ko‘llar Amudaryo havzasining qirg‘oqbo‘yi maydonlari joylashganini, bu hududlarda degradatsiyaga eng ko‘p uchragan yaylovlar va sug‘oriladigan maydonlar mavjudligi, ularning aksariyati sho‘rlanishga moyilligi e’tiborga olinganini qayd etishdi. Loyiha faoliyati ushbu qurg‘oqchil landshaftdagi ko‘llar, botqoq yerlar va qirg‘oq bioxilma-xilligining qisqarishi va yo‘qolishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan yerlarning degradatsiyasi, suv tanqisligi va biologik xilma-xillikning yo‘qolishiga olib keluvchi omillarni bartaraf etishga qaratilganiga keng to‘xtalishdi.

Loyiha doirasida umumiy maydoni 3 mln. gektardan ortiq bo‘lgan Janubiy Ustyurt, Orolbo‘yi, Markaziy Qizilqum milliy tabiat bog‘lari, Sudoche-Akpetki, Borsakelmas buyurtmaxonalari singari  yangi tashkil etilgan muhofaza etiladigan  tabiiy hududlar rivojlantirilishini e’tirof etishdi.

Seminar ishtirokchilariga 2022 yilning 30 noyabrida Vazirlar Mahkamasining “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi va Global Ekologik Jamg‘arma ishtirokida “Orol dengizi havzasi landshaftining tanazzul yerlarida barqaror hayotni ta’minlashni qo‘llab-quvvatlaydigan asos sifatida ko‘llar, suv-botqoq yerlari va qirg‘oqbo‘yi hududlarini saqlash hamda boshqarish” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi tegishli qarori  tasdiqlangani, 1971 yil 2 fevralda Eronning Ramsar shahrida Xalqaro ahamiyatga ega, asosan, suvda suzuvchi qushlarning yashash makoni bo‘lgan suvli-botqoqli hududlar to‘g‘risidagi Konvensiya imzolangani to‘g‘risida ma’lumotlar berilib, ularning mazmun-mohiyati bilan tanishtirib o‘tildi.

Seminar yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berilib, hamkor tashkilotlarni loyihani amalga oshirishda, bu borada targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishda faol ishtirok etishga da’vat etildi.

O.Xudoyberganova