QILICHBOY OVULI AHOLISI UCHUN BEPUL TIBBIY KOʻRIK TASHKIL ETILDI

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 mart kuni sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqotida tibbiy xizmat sifatini oshirish va hududlardagi oilaviy poliklinikalar sonini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi. Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 apreldagi “Birlamchi tibbiy sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 215-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu qarorda 2022 yil 1 maydan boshlab birlamchi tibbiy sanitariya muassasalaridan uzoqda joylashgan hududlar aholisi uchun profilaktik tibbiy ko‘riklar o‘tkazib turilishi ham vazifa qilib belgilangan.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika ishchi guruhi a’zolari tomonidan aholining muammolari va ijtimoiy ahvolini o‘rganish jarayonida 25 sentyabr kuni Amudaryo tumanining Qilichboy ovuli hududida joylashgan 7-sonli oilaviy poliklinikada chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Tadbirda Respublika muassasalaridagi barcha ixtisoslashgan markazlarning kardiolog, travmatolog, nevropatolog, jarroh, pediatr, oftalmolog, LOR, urolog, endokrinolog, akusher-ginekolog, ftiziatr, pediatr mutaxassislari tomonidan aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Shuningdek aholiga qulaylik yaratish maqsadida shu kuni UTT, EKG uskunalari, ko‘chma laboratoriya, Respublika ixtisoslashgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialining “Mobil poliklinika”si ham ovul ahli xizmatida bo‘ldi.

Tadbirga hududning 358 nafar aholisi jalb etilib, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan 231 nafar fuqarolarda turli kasalliklar aniqlandi.

Tibbiy ko‘rik jarayonida turli kasallik aniqlangan 228 nafar bemorlarga ambulator sharoitda davolanishga tavsiya berildi, yuqori texnologik operatsiyaga muhtoj 2 nafar bemorga tuman shifoxonasida davolanish uchun yo‘llanma berilib, 19 nafar bemorlar esa 46 turdagi bepul dori-darmonlar bilan ta’minlandi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash sohasini tubdan takomillashtirish, tibbiyot muassasalarini eng ilg‘or tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, tuman markazlaridan uzoqda yashovchi aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish va murakkab amaliyotlarni tuman darajasida bajarish borasida amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad inson qadrini ulug‘lash, aholining turmush sifati va salomatlik darajasini yanada yaxshilashdir.

Tadbirda asosiy e’tibor aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, fuqarolarning tibbiy bilim va madaniyatini oshirish, kasalliklarni ilk davrida aniqlash va davolash choralarini ko‘rishga qaratildi hamda tadbir ishtirokchilariga bu borada keng tushunchalar berildi.

Shuningdek tibbiy ko‘rik yakunida mutaxassislar tomonidan kasalliklarni davolash va salomatlikka e’tibor qaratish yuzasidan zarur tibbiy tavsiyalar berildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, aholining salomatligini saqlash, kasalliklarni ilk bosqichda aniqlash va oldini olish borasida hududlarda, ayniqsa chekka qishloqlarda o‘tkazilayotgan bu kabi tibbiy ko‘riklar muhim ahamiyat kasb etadi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati