NAVOIY NOMLI MAHALLA “QIZIL” TOIFAGA KIRITILGAN, NEGA?

Туман янгиликлари

Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi inspektorlarining sa’y-harakatlari tufayli tez-tez tuman hududida mayda bezoriliklar, huquqbuzarliklar, voyaga yetmaganlarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi vasiylarsiz tungi paytlari turli ko‘ngilochar maskanlarida yurishlari, shuningdek, uzrsiz dars qoldirishlarining oldini olishga qaratilgan tezkor tarbiyaviy targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda. Ayniqsa, bu borada “qizil” toifadagi ro‘yxatga kiritilgan mahalla aholisi bilan bahamjihat, bevosita xalq orasiga kirib borib amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mang‘it shahridagi Navoiy nomli mahalla ham “qizil” toifadagi mahalla hisoblanadi. Umumiy yer maydoni 2,7 kvadrat kilometr bo‘lgan mazkur mahallada 17 ta ko‘cha bo‘lib, hudud aholisi o‘zlari istiqomat qiladigan ko‘chalarni obodonlashtirish, ko‘chalar bo‘ylaridagi ariqlarni tozalash, turli mevali va manzarali daraxtlar, gul ko‘chatlari ekishga alohida e’tibor qaratishadi. Mahalla hududida 145ta turli obyektlar, xususan, korxona va tashkilotlar, tuman tibbiyot birlashmasi, ko‘plab savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, Dehqon bozorining mavjudligi mahallaga biriktirilgan profilaktika inspektori zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, hududda 751ta xonadon bo‘lib, shundan 693tasi yakka tartibdagi hovlilar, 3tasi ko‘p qavatli uylar bo‘lib, ulardagi xonadonlar soni 40tani tashkil etadi. Ushbu xonadonlar tarkibidagi oilalarda 4580 nafar aholi istiqomat qilishadi. Aholining yarmidan ko‘pi, ya’ni 2391 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hisoblanadi.

Shaharning qoq markazida, asosiy madaniy-maishiy, infratuzilma obyektlari joylashgan mahalla hayotining osoyishtaligini ta’minlash, turli ko‘rinishdagi huquqbuzarliklarning, mayda bezoriliklarning oldini olish maqsadida profilaktika inspektori, kapitan Alisher Xudoyberganov tomonidan yig‘in Kengashi a’zolari, shuningdek, hududda faoliyat olib boruvchi hokim yordamchisi Sanjar Murodov, xotin-qizlar faoli Gulbahor Xidirova, yoshlar yetakchisi Quvvat Yesamurodovlar bilan hamkorlikda xonadonbay ishlash tizimi orqali fuqarolar bilan uchrashib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish, kamchiliklarni birgalikda bartaraf etish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar o‘tkazib kelmoqda. Ayniqsa, hududdagi korxona va tashkilotlarda, ko‘chalarda, ta’lim-tarbiya muassasalarida haftaning har payshanba kunida o‘tkaziladigan huquqbuzarliklar profilaktikasi kunida mahalla aholisining osoyishtaligini ta’minlash borasidagi masalalar mahalla faollari ishtirokida muhokama etiladi.

Shunday bo‘lsa-da, 2023 yilning o‘tgan 8 oyi davomida mahalla hududida 17ta jinoyat holati ro‘yxatga olindi. Shundan 2tasi mahallaning o‘zida aniqlanishi lozim bo‘lgan jinoyatlar hisoblanadi. Shuningdek, 105ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, barchasiga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Bular jamoat joyida spirtli ichimlik iste’mol qilish, pasport tizimi qoidalarini buzish mayda bezorilik, badanga yengil jarohat yetkazish, shaxsni haqoratlash, tuhmat qilish, jamoat joylarida tamaki chekish, tungi paytlarda fuqarolarning osoyishtaligini buzish, maishiy shovqin ko‘tarish kabi huquqbuzarliklar bo‘lib, barchasiga tezkor tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, zarur choralar ko‘rildi.

Shuningdek, o‘tgan 8 oy davomida mahalla aholisi va maishiy obyektlar, xususan, oshxonalar, Dehqon bozori va bozor atrofidagi savdo shoxobchalari mas’ullari tomonidan ma’muriy hududda yuz bergan huquqbuzarliklar, mayda bezoriliklar bo‘yicha kelib tushgan 122ta murojaatlar atroflicha o‘rganilib, belgilangan tartibda tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borildi va murojaat egalariga tegishli javoblar qaytarildi.

Hech kim ota-onadan jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Kimdir qiziqqonligi tufayli, yana kimdir haqorat va tuhmatga chiday olmay, jinoyatga qo‘l urganini bilmay qoladi. Bu toifa shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazish orqali ularni sog‘lom hayotga qaytarish mumkin. Lekin yana bir toifa shaxslar borki, ular har doim o‘ziga yashash uchun oson va yengil yo‘lni qidiradi. Mehnat qilishdan ko‘ra, ko‘proq mayda tashmachilik, o‘g‘irlik qilishni oson, deb bilishadi. Bu toifa insonlarning sog‘lom fikrli, halol, fidoyi insonlar safiga qaytishi anchagina murakkab. Shu bois, profilaktika inspektori bu borada mahalla ahliga, faollarga suyanadi.

Navoiy nomli MFY hududida 12 nafar muqaddam sudlanganlar bor. ulardan 3 nafari doimiy ma’muriy nazoratga olingan bo‘lib, Alisher Xudoyberganov MFY Kengashi a’zolari bilan birgalikda nazoratdagi shaxslarning yurish turishi, jamiyatda o‘zini tutishi, qiziqishlaridan deyarli har kuni xabardor bo‘lib turadi. Muqaddam sudlangan, ma’muriy nazorat o‘rnatilgan shaxslar bilan qayta jinoyat sodir etishlarining oldini olish maqsadida profilaktik suhbatlar o‘tkazib boradi. Ayniqsa, mas’ullar bilan hamkorlikdagi “Qora dori”, “Xavfsiz tun”, “Spitamen”, “Turmush ”. “Qurol” tadbirlarining tizimli ravishda o‘tkazilishi natijasida hududdagi jinoyatchilik, huquqbuzarliklar o‘tgan yilga nisbatan ancha kamayishiga erishildi.

Mahalla aholisi yil sayin oshib bormoqda. Ayni paytda salkam 5000 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladigan mahalla ahli azaldan mehnatkash, ahil-inoq hayot kechirishadi. Yuqorida aytganimizday mahallaning ma’muriy hududida ko‘plab madaniy-maishiy va savdo shoxobchalari, Dehqon bozorining mavjudligi, qolaversa, haftaning deyarli har bir kuni ushbu obyektlar atrofi odamlar bilan gavjum bo‘lishi o‘z-o‘zidan fuqarolar o‘rtasida turli kelishmovchiliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi oddiy holga aylanib qolgan. To‘g‘risini aytish kerak, arzimagan bahs, tortishuvlar huquqbuzarliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgan sir emas. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib aytish mumkinki, kapitan Alisher Xudoyberganovning faoliyat ko‘lami ham ancha keng. Mahalla faollari, MFY Kengashi a’zolari, xotin-qizlar faoli, hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi, ko‘cha boshchilar bilan doimiy hamkorlikda mahallani “qizil” ro‘yxatdan chiqarish imkonini izlashdan aslo charchamaydigan profilaktika inspektori:

– Biz albatta bunga erishamiz, – deydi qat’iyat bilan.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar esa mahallada ma’naviy-tarbiyaviy ishlar yaxshi tomonga o‘zgarayotganidan dalolat.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.