SEVIMLI USTOZ, FIDOYI OʻQITUVCHI

Туман янгиликлари

O‘qituvchilik – sharafli, ammo mehnati mashaqqatli va mas’uliyatli kasbdir. Bu kasbni egallash uchun eng avvalo chuqur bilimga, katta mahoratga ega bo‘lish bilan birga bolalarni sevish, zamon talablariga mos ravishda dunyoqarashni rivojlantirib borish kerak. Ana shunday fidoyi insongina ustoz bo‘lib, yosh avlodni bilimlar dunyosi sari yetaklay oladi.

Inomjonning ham hali kichikligidan shu kasbga havasi baland bo‘ldi. O‘zi ta’lim olgan Oq oltin ovulidagi 41-sonli maktabda boshlang‘ich sinf paytlaridanoq, bilim olishga juda qiziqdi. Ziyrak va zukko bu o‘quvchini o‘qituvchilar ham juda yaxshi ko‘rishar, qiziqib so‘ragan har bir savoliga to‘liq javob berishga harakat qilishardi. U ulg‘aygani sari har bir fanni chuqurroq o‘rganishga, ilm olishga intilardi. Ayniqsa, tarix darsini juda yaxshi ko‘rar, ustozining millat, yurt, xalq o‘tmishi haqidagi ma’ruzalarini katta qiziqish bilan tinglardi. Uning eng birinchi ustozi – otasi, shu maktabning tarix fani o‘qituvchisi rahmatli Komil aka Hasanov edi. Ulg‘aygani sari yurtimiz va jahon tarixini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi ortib bordi va ta’lim dargohini tugatib, otasi kabi tarix fani o‘qituvchisi bo‘lishga ahd qildi.

Inomjon Tursunboyev 2011 yilda Nukus davlat pedagogika institutining tarix fakultetiga o‘qishga kirib, davlat granti asosida ta’lim oldi. U oliygohda o‘qish davrida ham eng iqtidorli talaba sifatida tanildi. 2015 yilda ushbu fakultetning “Tarix o‘qitish metodikasi” bo‘limini tamomladi va shu yili institut qoshida Amudaryo tumanida tashkil qilingan 3-sonli akademik litseyda ish boshladi. Ikki yil davomidagi ish faoliyatida litseydagi o‘quvchi-yoshlarga yurtimiz va jahon tarixini astoydil o‘rgatib, intiluvchanligi, tirishqoqligi, yangiliklar yaratishga ishtiyoqi balandligi, o‘z kasbining haqiqiy fidoyisi ekanligini ko‘rsata bildi. U 2016 yilda Xalq Demokratik Partiyasi tuman Kengashi tomonidan tashkil etilgan “Yosh siyosatchi-2016” ko‘rik-tanlovida qatnashib, tumanda 1-, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida faxrli 3-o‘rinni egalladi. Bilimli o‘qituvchidan ta’lim olgan litsey yoshlari nufuzli oliygohlar talabalari bo‘lishdi va bu bilan ta’lim maskanining o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari ortishiga uning ham hissasi qo‘shildi.

Inomjon 2017 yildan o‘z ovulidagi 41-sonli maktabga tarix fani o‘qituvchisi bo‘lib ishga keldi. Bilimdon va ishga chanqoq mutaxassisni maktabda ustozlar ham, o‘quvchilar ham bajonidil qabul qilishdi. U dastlabki kunlardanoq, dars jarayonlarida interfaol metodlardan, multimediyalardan foydalanib, o‘quvchilarning diqqat-e’tiborini, qiziqishini jalb qila boshladi. Shu bilan birga jamoat ishlari, turli ko‘rik-tanlovlarda ham faol ishtirok etib, o‘z iqtidorini ko‘rsatishga harakat qildi.

U shogirdlaridan Gulnoz Gulmirzayeva 2017 yilda Fanlar olimpiadasida tarix fanidan qatnashib, tumanda 1-o‘rinni egallaganida bundan juda xursand bo‘ldi. Shu yili Gulnoz iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasidagi “Innovatsion olimpiada”da ham ishtirok etib, tumanda 1-o‘rinni egalladi va Qoraqalpog‘iston respublika bosqichida ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Shundan so‘ng, 2018 yilda Bilimlar bellashuvining tuman boqichida qatnashgan 7-sinf o‘quvchisi Nodirbek Bozorboyev g‘olib bo‘lishga erishdi. 2017-2018 o‘quv yilida Inomjon maktabda tashkil qilgan to‘garak a’zolari, 10-11-sinf o‘quvchilari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va ma’rifat markazi tomonidan tashkil etilgan “Yuksak ma’naviyatli avlod” ko‘rik-tanlovining “Prezident asarlari bilimdoni” yo‘nalishida tuman va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida 1-o‘rinni egallashdi. Ketma-ket yutuqlarga erishayotgan yosh o‘qituvchi haqida “Jayhun ilhomlari” NNT tomonidan chop etilgan “Amudaryo yoshlari” nomli risolada “Orzulari ushalgan yigit” mavzusidagi maqola chop etildi.

Nafaqat maktabda, balki butun tumanda bilimdon ustoz, mohir pedagog sifatida tanila boshlagan Inomjonning o‘quvchilari 2018-2019 o‘quv yilida ham tarix fanidan Fanlar olimpiadasining maktab, tuman bosqichlarida 1-o‘rinni egallab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida muvaffaqiyatli qatnashishdi. Shuningdek, 2020-2021 o‘quv yilida shogirdlari “Qorao‘zak ochiq olimpiadasi”da qatnashib, tumanda 1-o‘rinni va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida faxrli o‘rinni egallashdi. 2020-2021 o‘quv yilidagi Fanlar olimpiadasida ham o‘quvchilari Shoida Nurullayeva va Iroda Safarboyevalar tumanda 1-,2-o‘rinlarni egallab, Qoraqalpog‘iston bosqichida ham yuqori ball to‘plashdi. Keyingi 2021-2022 o‘quv yilida bo‘lib o‘tgan Fanlar olimpiadasida o‘quvchilari Iroda Safarboyeva va Shahzoda Chorshamovalar tumanda 1-,2-o‘rinlarni egallab, Qoraqalpog‘iston bosqichida ham faol qatnashishdi. O‘tgan 2022-2023 o‘quv yilida esa o‘quvchisi Shahzoda Chorshamova Fanlar olimpiadasining tuman bosqichida 1-o‘rinni egallab, Qoraqalpog‘iston bosqichida yuqori ball to‘pladi.

Bilimdon tarix o‘qituvchisi Inomjon Tursunboyev 2017-2018 o‘quv yilida “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovida qatnashib, tuman, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichlarida faxrli 1-o‘rinni egallab, O‘zbekiston Respublikasi bosqichida muvaffaqiyatli qatnashdi. Shundan keyin u “Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi a’losi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Ovul yoshlarining sevimli ustozi 2020-2021 o‘quv yilida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati miqyosida o‘tkazilgan “Iqtidorli o‘qituvchilar II olimpiadasi”da tuman jamoasi tarkibida qatnashgan bo‘lsa, jamoa faxrli 1-o‘rinni egalladi. U 2022 yilda tarix fanidan o‘qituvchilar attestatsiyasida 94 ball to‘plab, oliy toifali o‘qituvchi bo‘ldi. Shuningdek, 2023 yilning mart oyida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri tomonidan joriy qilingan va 9 oy davomida to‘lanadigan 5,5 mln. so‘mlik Maktabgacha va maktab ta’lim vaziri ustamasining test va suhbat jarayonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, mazkur ustamaga loyiq deb topildi. Inomjon shu yil may oyida umumta’lim fanlardan joriy qilingan Milliy sertifikat testida ham muvaffaqiyatli qatnashdi va tarix fanidan 3 yil davomida 20 foiz ustama olish huquqiga ega bo‘ldi.

Ustozlarning har bir sabog‘i shu aziz Vatanni, muqaddas tuproqni, ota-onani sevishga, qadrlashga o‘rgatadi, ular oldidagi burchni bajarishga, mas’ullikka undaydi. Hali yosh bo‘lishiga qaramasdan shuncha yutuqlarni qo‘lga kiritgan fidoyi o‘qituvchi Inomjon Tursunboyev ham yosh avlodni eng avvalo shu yurtga, uning buyuk kelajagiga munosib vorislar qilib tarbiyalashga harakat qilmoqda. Ishonamizki, undan ilm o‘rganayotgan yoshlar va bugun nufuzli oliygohlarda ta’lim olayotgan shogirdlari o‘zi kabi kasbining mohir ustasi bo‘lib yetishadi va yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishadi.

Fursatdan foydalanib, jonkuyar o‘qituvchi Inomjon Tursunboyev va 41-sonli maktab jamoasini, yurtimizdagi barcha ustozlarni 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimizdan tabriklab, xayrli va mashaqqatli ishlarida omad hamda zafarlar yor bo‘lishini tilab qolamiz!

O.Xudoyberganova