BOLAJONLARNING SEVIMLI BOGʻCHA OPASI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, sog‘lom, faol, to‘laqonli, jamiyatga moslashgan bola shaxsini shakllantirishga e’tibor kun sayin kuchaymoqda. Tizimda faoliyat yuritayotgan tashkilotlar maktabgacha yoshda bo‘lgan bolalarning jismoniy, aqliy va ma’naviy kamol topishiga, ularning ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini, ularning  boshlang‘ich ta’limga tayyorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, jajji  o‘g‘il-qizlar ko‘nglida bir-biriga,  oilasiga, Vataniga mehr-muhabbat hissini shakllantirish, milliy odob-axloq qoidalarini singdirish ham juda muhim. Uzluksiz ta’limning ilk bosqichidagi ta’lim-tarbiya norasida o‘g‘il-qizlarning kelajakda qanday inson bo‘lib voyaga yetishida juda muhim rol o‘ynaydi.

Mang‘it shahrida faoliyat yuritayotgan 40-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida bugungi kunda 6ta guruhda 180 nafar bolajonlar yayrab-quvnab ulg‘aymoqda. Har bir guruh uchun alohida-alohida mashg‘ulotlar xonasi, ovqatlanish xonasi va dam olish xonasi bor. Bolajonlarga 16 nafar malakali pedagog-tarbiyachilar ta’lim-tarbiya berishmoqda.

Tashkilot binosining ostonasidan hatlagan kishi beixtiyor o‘zini bolalar dunyosiga kirib qolgandek his qiladi. Kichikkina supachadan joy olgan “Zumrad va Qimmat” ertagi qahramonlari-yu turli o‘yinchoqlar, bezaklar bilan bezatilgan xonalar, koridorlar ham beixtiyor bolalikning beg‘am, betashvish va baxtiyor damlariga yetaklaydi kishi xayolini.

Mazkur tashkilotga 2007 yildan beri tajribali mutaxassis Sharifa Seitova rahbarlik qilib keladi. Tarbiyalanuvchi bolajonlarni nomma-nom taniydigan, har biri bilan xarakteriga mos muomala qiladigan mudira ishni qat’iy tartib-intizom asosida boshqaradi. Tashkilot tarbiyachilari kasbiy faoliyatiga doir, san’at, sport turlari bo‘yicha o‘kazilayotgan tanlovlar, musobaqalarda doimo faxrli o‘rinlarni egallashadi. Tarbiyalanuvchilar esa turli bayramlar munosabati bilan tashkillashtiriladigan sayillarda, konsert dasturlarida munosib ishtirok etib, san’atini namoyish etishmoqda.

Dilfuza Yo‘ldosheva ana shu tashkilotda 2015 yildan beri tarbiyachi lavozimida ishlab kelayotir. Sohadagi faoliyatiga esa 22 yil to‘ldi. O‘tgan davr mobaynida Dilfuza necha-necha guruh bolajonlarga tarbiyachilik qildi. Ularning o‘yinlariga qo‘shilib o‘ynab, suhbatlariga quloq tutib, savollariga erinmay, batafsil javoblar berib, ko‘ngli  ko‘ngillariga tutashdi. Maktabga kuzatib qolgan vaqtlarida go‘yo o‘y-xayoli ular bilan ketardi. U ilk tarbiya bergan jajji o‘g‘il-qizlar hozir turli kasb egalari bo‘lib, hayotda o‘z o‘rinlarini topishgan, uchrashib qolgan vaqtlarida ularning  bolalik damlarini qo‘msab, “bog‘cha opa” deya so‘rashishlaridan zavqlanadi, kasbiga mehri, ixlosi yana ham ortadi.

Ehtimol, shundandir Dilfuza Yo‘ldosheva o‘tgan davr mobaynida namunali tarbiyachi sifatida soha xodimlari orasida tanildi. “Yil tarbiyachisi”, shuningdek, sport, san’at bo‘yicha maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari orasida o‘tkazilgan sinovlarda o‘z iqtidorini namoyish etib, faxrli o‘rinlarni egallab keldi.

Aslida tarbiyachi ishining mashaqqatini his qilmaymiz. Ba’zan oilamizdagi kichkintoylarni parvarishlashda qiynalib qolgan damlarda turli muhitda, turlicha tarbiya olayotgan 25-30 nafarcha bolani birdaniga atrofiga jipslab, ta’lim-tarbiya berish zahmatini his qilganday bo‘lamiz.

– Bizning ishimizda eng muhimi har bir bolani tinglab, unga munosib javob bera olish, ko‘ngliga yo‘l topish, – deydi Dilfuza bu haqda kulib.

Butun bilimi, kuch-g‘ayratini bolajonlar ta’lim-tarbiyasiga baxshida etayotgan Dilfuza Yo‘ldosheva va sohaning barcha xodimlarini kasb bayrami bilan qutlab qolamiz.

Oygul RAJABOVA