USTOZ VA MURABBIYLAR UCHUN BAYRAM TADBIRI OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Kelajagimiz egalari bo‘lmish yosh avlodni bilimli, savodli, ma’naviy barkamol va jismonan sog‘lom qilib voyaga yetkazishda o‘qituvchi-murabbiylarning hissasi benihoya kattadir. Ular berayotgan puxta bilim va ibratli tarbiya katta hayot ostonasida turgan o‘g‘il-qizlarning vatanparvar, xalqimizga fidoyi va halol xizmat qiladigan insonlar bo‘lib yetishishiga zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Yurtimizda 1 oktyabr O‘qituvchi va murabbiylar kuni deb belgilanib, umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi ustozlarga yuksak e’tibor va hurmatning yaqqol namunasidir. Amudaryo tumanida ham har yili ushbu sana keng tantana qilinadi, ta’lim fidoyilari, tajribali muallimlar, faxriy ustozlar uchun tadbirlar tashkillashtiriladi.

An’anaga muvofiq 30 sentyabr kuni Mang‘it shahrida joylashgan fayzli “Sher” to‘yxonasida “Sizga ta’zim, aziz ustozlar!” deb nomlangan tadbir o‘tkazildi. Tadbirda muhtaram va xalqimiz e’zozidagi insonlar – ustoz-murabbiylar uchun tuman hokimligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan bayram dasturxoni tashkil qilindi.

Tantanali tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, yoshlarga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan pedagog o‘qituvchilar, ustoz va murabbiylar hamda faxriy o‘qituvchilar ishtirok etishdi.

O‘qituvchilik mas’uliyatli va mashaqqatli kasb bo‘lib, muntazam ravishda davomli mehnatni, sabr-toqat bilan ishlashni talab etadi. Insoniyat kamoloti uchun butun bilimi, iqtidori va hayotini baxsh etgan ustozlarning xizmatlarini hamma zamonlarda ham kishilar hurmatlab, e’zozlab kelishgan.

Tadbir avvalida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov ustoz va murabbiylarni kasb bayramlari 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan tabriklab, ularning sharafli ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi va joriy yilda ta’lim sohasida erishilgan yutuqlarga ham to‘xtalib o‘tdi. Yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan bir guruh o‘qituvchi-murabbiylar ko‘krak nishonlari, tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, ta’lim sohasida ko‘p yillar samarali mehnat qilgan, jamoat ishlarida faol bo‘lgan o‘qituvchilarga va shogirdlari nufuzli musobaqalarda g‘olib bo‘lgan murabbiylar ham rag‘batlantirildi.

Aytish joizki, tumanimizda 85ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi mavjud. Joriy yilda maktablarda 38 ming 813 nafar o‘quvchilar mahoratli pedagoglardan ta’lim-tarbiya olmoqda. 2022-2023 o‘quv yilida 2750 nafar o‘quvchilar maktablarni bitkazgan bo‘lsa, ularning 1289 nafari oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilindi.

Bayram tadbiri davomida so‘zga chiqqanlar ustoz so‘zi zamirida olam-olam ma’no mujassam ekanligi, mashhur insonlarning yuqori cho‘qqilarga erishishlari ham ustozlarning beqiyos zahmati mahsuli ekanini ta’kidlab, yig‘ilganlarni kasb bayrami bilan qizg‘in qutladilar.

Chindan-da barcha davrlarda ham o‘qituvchi zimmasiga hayot talablariga to‘la javob beradigan va o‘z zamoniga munosib avlodlarni tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifa yuklatilgan. Quyosh o‘z nuri bilan butun tabiat, borliqni jonlantirgani kabi, o‘qituvchi, murabbiy ham bor mahorati, ilmi bilan o‘quvchi-yoshlarning qalbini ilm ziyosi bilan to‘ldirishga ahd qilgan buyuk kasb egasidir. Hayotning go‘zalligi, farovonligi, odobligi, qolaversa, davlat va jamiyat ravnaqi muallim mehnati bilandir.

Tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan namoyish etilgan katta musiqiy dastur tadbirga yanada fayz kiritdi va barchaga bayram kayfiyatini ulashdi. O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri sho‘x kuy-qo‘shiqlar va dilrabo raqslar bilan davom etdi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati