OVUL YOSHLARIGA MASLAKDOSH ONAXON

Туман янгиликлари

Keksalikni inson umrining donishmand fasli deyishadi. Turmushning achchiq-chuchugini ko‘rgan, yaxshilik va yomonlikni, oq va qorani ajrata oladigan, odillik va to‘g‘riso‘zlik tarafdori, katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan bobojonlar o‘gitlari, buvijonlar pand-nasihatlari bilan yoshlarga o‘z yo‘llarini topishida ko‘maklashadi. Oilalar farishtasi, unda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan keksalarimiz yosh avlodni barkamol insonlar qilib tarbiyalovchi beminnat tarbiyachilardir. Shu sababdan ham nafaqat, har bir xonadon, balki butun yurtga fayz baxsh etib kelayotgan piru-badavlat otaxon va onaxonlar elimizda doim e’zoz va ehtiromda.

Amudaryo tumanidagi ommaviy axborot vositalaridan biri bo‘lgan amunews.uz veb-sayti tahririyatining Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Sog‘lom muhit – sog‘lom hayot” grant loyihasi ish rejasiga ko‘ra ana shunday elda qadrli, yoshlar tarbiyasiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan keksalarni ibrat qilib ko‘rsatish maqsadida To‘lqin ovuliga tashrif buyurdik.

Ovulda yurt fayziga aylangan, jamiyat hayotida faol ishtirok etib, yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib kelayotgan nuroniylar ko‘pchilikni tashkil qilar ekan. Fuqarolar yig‘ini mas’ullari doim ovulning piru-badavlatlari bilan bamaslahat holda ish olib borishgani tufayli hududda tinchlik-osoyishtalik hukmron. Oilalarda o‘zaro kelishmovchilik, ajrim, yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarlik holatlarining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ham hamkorlikda amalga oshirilgani sababli samarali natijalarga erishilmoqda.

40 yildan ziyod davr mobaynida ta’lim sohasida fidokorona mehnat qilib, yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga o‘z hissasini qo‘shgan, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan onaxon Hanifa Yaxshimova ham o‘zi nafaqada bo‘lishiga qaramasdan, bu boradagi ishlarda fuqarolar yig‘ini mas’ullariga yaqin maslakdosh bo‘lib kelmoqda. U “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyiliga ko‘ra hududdagi yoshlar tarbiyasiga mas’ul qilib biriktirilgan. Onaxon yoshlarni milliyligimizni saqlagan holda kiyinish madaniyati, yurish-turish, odob-axloqqa o‘rgatish, o‘qish, hunar o‘rganishiga qiziqishlarini oshirish, jamiyatimizga, qolaversa oilasiga namunali farzandlar bo‘lib tarbiyalanishiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

To‘lqin ovulida tug‘ilib voyaga yetgan Hanifa Yaxshimova oilada opalari kabi o‘qituvchilik kasbiga qiziqdi va QDUning biologiya fakultetini tugatib, ovuldagi 33-sonli maktabda ish boshladi. U shu maktab direktori bo‘lgan Jongil Ernazarova xonadoniga kelin bo‘lib tushdi. Yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish bilan birga oilada turmush o‘rtog‘i Baxtiyor Jumabekov bilan 3 nafar farzandni ham o‘qimishli, tarbiyali insonlar qilib voyaga yetkazdi. Hozir nevaralar qurshovida nafaqa gashtini surayotgan onaxonning boy hayotiy tajribasidan ovuldagi muammoli yoshlarni tugri yulga solishda unumli foydalanilmoqda.

Onaxon yoshlar yetakchisi Fozilbek Qurbonboyev bilan birgalikda o‘ziga biriktirilgan yoshlar bilan muntazam suhbatlashib, ularning jamiyat uchun foydali insonlar bo‘lib yetishishlariga ko‘maklashmoqda. Hududdagi tarbiyasi og‘ir, maktabda mashg‘ulotlarga o‘z vaqtida kelmasdan ko‘p dars qoldiradigan yoshlarning o‘zlari va ota-onalari bilan suhbatlar o‘tkazilib, sport to‘garaklariga jalb etildi. Hozirda ular “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarining hududiy va tuman bosqichlarida faol qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda.

Turli oilaviy muammolar girdobida qolgan shu qishloqlik yana bir yosh voyaga yetmasdan turib o‘g‘irlikka qo‘l urgani sababli muntazam nazoratda edi. Unga ham o‘z vaqtida o‘git-nasihatlar berilib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatildi va sport to‘garaklariga jalb etildi. Ovuldagi oilalardan birida yashovchi yana bir qiz hayotida ham u bilan xonadoniga borib o‘tkazilgan suhbatlar, berilgan nasihatlar muhim ahamiyat kasb etdi. U tikuvchilik hunariga qiziqishini bildirgani sababli, ovuldagi chevarlarga biriktirildi va bo‘sh vaqtlarida ushbu hunarni o‘rganishni boshladi.

Shuningdek, muntazam ravishda dars qoldiradigan, bo‘sh vaqtlarini bekor o‘tkazadigan ovuldagi yana ko‘plab yoshlar ro‘yxat qilinib, shu bo‘yicha barchasi bilan suhbatlashildi va sport to‘garaklari, hunar o‘rganish kabilarga jalb etildi.

Ovuldagi nuroniylar ishtirokida yoshlar bilan davra suhbatlari, uchrashuvlar, tumanimizdagi muzey va Chilpiq qal’asiga sayohatlar tashkil etilib borilmoqda. Bo‘sh vaqtlari mazmunli tashkil etilayotgan yoshlarning dunyoqarashi kengayib, kasb-hunarga, bilim olishga yanada qiziqishlari ortmoqda, qalblaridagi yurt taqdiriga daxldorlik hislari mustahkamlanmoqda.

Keksalar bor uyda tinchlik-xotirjamlik, dasturxonlarda fayzu-baraka, qilinayotgan ishlarda rivoj va samara bo‘ladi. Nuroniylik yoshiga yetganida ham tinib-tinchimasdan o‘zlarining ezgu duolari, dono o‘gitlari, boy tajribalari bilan hayot yo‘llarida yoshlarga qanot va sabot bag‘ishlab kelayotgan Hanifa Yaxshimova kabi onaxonlar, piru-badavlat otaxonlar xonadonlarimiz, hayotimizning fayzi va farishtalari doim omon bo‘lishsin. Zero, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, biz erishayotgan yutuq va muvaffaqiyatlar, turmushimizdagi farovonlik shu nuroniylarimizning ezgu tilaklari, duolari ijobatidir.

Ozoda Xudoyberganova.