XALQQA YAQINLASHAYOTGAN TIBBIYOT: BU ODAMLAR HAYOTI VA UMR MAZMUNINI QANDAY OʻZGARTIRMOQDA?

Туман янгиликлари

Sog‘liqni saqlash tizimining barcha darajasida tibbiy xizmat ko‘satish ko‘lamini kengaytirish va sifatini oshirish, aholining tibbiy xizmatlardan foydalanish qulayligini ta’minlash, jumladan, zamonaviy, yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish, bunday xizmatlar sifatini oshirish, undan barcha aholining teng foydalanishini ta’minlash, kasalliklarning oldini olish, barvaqt aniqlash va davolashni yaxshilashga yo‘naltirilgan aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari soni oxirgi 7 yilda 10 tadan 24 taga yetdi.

Ilgari bunday markazlar faqat poytaxtda joylashgan bo‘lsa, bugunga kelib hududlarda ularning 270ta filiali, tumanlarda 300dan ziyod bo‘limlari tashkil etildi. Markazlar amaliyotiga 106 turdagi, viloyat darajasida 202 turdagi, tuman darajasida 85 turdagi yangi diagnostika va jarrohlik usullari tadbiq qilingan. Bunday sa’y-harakatlar orqali hududlardagi yuqori texnologik operatsiyalar ulushi 23 foizdan 55 foizgacha yetkazildi.

Yurtimizda inson a’zolari transplantatsiyasi amaliyoti joriy etilib, bunday operatsiyalar ayrim hududlarda ham o‘tkazilayapti.  Bugungi kunda bemorlar poytaxtga emas, aksincha, markazlarning professor, mutaxassislari joylarga chiqqan holda bemorlarga yordam ko‘rsatadigan, hududlardagi mutaxassislarga mahorat darslarini o‘tadigan tizim yaratildi.

Ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlardan biri – kardiologiya yo‘nalishi isloh qilinishi yurak-qon tomir xastaliklari tufayli yuz berishi mumkin bo‘lgan noxush vaziyatlarning oldini olishga katta imkon bermoqda.  Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi davlat muassasasiga aylantirilib, tibbiy xizmatlar ko‘rsatishning kardiologiya yo‘nalishi bo‘yicha mamlakatning bosh muassasasi etib belgilandi, barcha hududlarda ushbu markazning filiallari tashkil etildi.

Yana bir hayotiy misol. 7-8 yil avval respublika bo‘yicha 3ta ixtisolashtirilgan tibbiyot markazida hamda Xorazm va Namangan viloyatlarida angiograf uskunasi bo‘lgan. Hozirgi kunda angiograf o‘rnatilgan tibbiyot muassasalari soni 40tadan oshgan. Joriy yilda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Buxoro va Farg‘ona filiallarida intervension kardiologiya binosi ishga tushirilib, ularda ham angiograf uskunasi o‘rnatildi.

Mamlakatimizda ochiq usuldagi kardiojarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi ham yo‘lga qo‘yildi.

Ixtisoslashtirilgan markazlar faoliyatida yana bir muhim yangilik shundaki, tibbiy sug‘urta mexanizmlari joriy etilgani, kafolatlangan tibbiy xizmat doirasida yuqori texnologik amaliyotlarni ham davlat budjeti mablag‘lari hisobidan o‘tkazish imkonini bermoqda. Xususan, bu tizim ixtisoslashtirilgan markazlarga joriy qilinganidan buyon o‘tgan 1,5 yil davomida 850dan ziyod bemorlarda yuqori texnologik, intervension, aritmologik va kardiojarrohlik amaliyotlari bepul o‘tkazilgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bemorlarda yuqori sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati yanada kengaydi. Bu esa xalqimizning yashash sifatini yaxshilashga, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini uzaytirishga xizmat qilaveradi.

Zumrad Bekatova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘z MTDP fraksiyasi a’zosi.