TASHABBUSLI BYUDJET – MUAMMOLARNI HAL QILISHNING XALQCHIL VOSITASI

Туман янгиликлари

Prezidentimizning 2018 yilda “Budjet ma’lumotlarining ochiqligini va budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  hamda  2021 yilda “Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  Qarorlari qabul qilingan.

Qarorga muvofiq 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va  sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida budjet mablag‘larining bir qismini jamoatchilik fikri asosida yo‘naltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Tashabbusli budjetlashtirish jarayonlarida fuqarolarning faolligini oshirish hamda mamlakatimizda o‘tkazib kelinayotgan  ovoz berish  jarayonlarida faol ishtirok etib kelayotgan keng jamoatchilikni yanada rag‘batlantirish, hududlardagi dolzarb muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish maqsad qilingan.

Joriy yilgi Tashabbusli budjetning ikkinchi mavsumida Amudaryo tumanining 2023 yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasida jami 12 mlrd. 39 mln. 432 ming so‘m rejalashtirilgan.

Iqtisodiyot va Moliya vazirligi tomonidan ochilgan Ochiq budjet (openbudjet.uz) portaliga 2023 yil 17 iyuldan 7 avgustga qadar bo‘lgan davrda tuman fuqarolari tomonidan jami 116ta tashabbus kiritilgan. 2023 yil 26 avgustdagi ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu tashabbuslar komissiya a’zolari tomonidan loyiha qiymatlari qayta ko‘rib chiqildi. Shundan  9ta tashabbus belgilangan tartibga zid ekanligi sababli rad etilgan hamda ushbu takliflar bo‘yicha tashabbus bergan shaxsning shaxsiy kabinetiga rad qilinishining asoslangan sabablari to‘g‘risida xabarnoma yuborilgan.

Tanlab olingan 107ta tashabbuslar ma’sullar tomonidan qayta hisob-kitoblar qilinib, jamoatchilik o‘rtasida yigirma kun davomida ovoz berish jarayoniga ruxsat berildi.  Mavjud loyihalar uchun ovoz berish jarayoni joriy yil 27 avgustdan 16 sentyabrga qadar etib belgilandi.

Ovoz berish yakuniga ko‘ra, jamg‘armada shakllangan mablag‘ doirasida eng ko‘p ovoz olgan 7ta tashabbus “g‘olib” deb topildi. Ushbu tashabbuslarning jami qiymati 9 mlrd. 240 mln. so‘mni tashkil qiladi.

Ovoz berish jarayonining ikkinchi mavsumida 80 ming 348 nafar fuqaro ishtirok etgan bo‘lib, tumanimiz umumiy aholi soniga nisbatan  39 foizni tashkil qildi. O‘tgan 2022 yil ikkinchi mavsumida 33 ming 276 nafar fuqaro ovoz berish jarayonida ishtirok etgan edi.

Tashabbusli budjet joriy yildagi birinchi mavsumida tumanimizdagi To‘lqin, Jumurtov, Jumur ovul, Xolimbeg, Tor yop, Kuyuk ko‘pir, Choyko‘l, Navoiy nomli,  Qoramon, Bo‘z solma, Qilichboy, Uyshin,  Daryo bo‘yi, Qangli, Qum yop, Besh ovul, Tosh qal’a, Oq oltin, O‘zbekiston, Namuna, Bosuv kabi ovul va mahallalar fuqarolari o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolarni hal etishda faol ishtirok etib, o‘z hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga hissalarini qo‘shdi.

Prezidentimizning 2021 yil 13 apreldagi “Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan amaldagi mexanizm yanada takomillashtirilib, o‘tgan yildan boshlab tuman va shahar budjetlari xarajatlarining 5 foizi bevosita fuqarolar tomonidan bildirilgan tadbirlarga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yildi. Bundan tashqari, joylarda fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni aynan ularning tashabbuslari asosida hal etish imkoniyatini yaratishga ajratilayotgan qo‘shimcha daromadlarning 10 foizlik miqdori 30 foizga ko‘tarildi.

Mazkur jarayonlarda fuqarolarning faol ishtirok etishi – o‘z hududlaridagi mavjud dolzarb muammolarning bartaraf etilishida hamda budjet mablag‘larining to‘g‘ri taqsimlanishida o‘z hissalarini qo‘shishlariga keng imkoniyatlar yaratadi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati.