ILGʻOR TERIMCHILAR RAGʻBATLANTIRILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanida joriy yilgi paxta terimi mavsumi qizg‘in davom etmoqda. Fermer xo‘jaliklari pudratchilari va terimda ularga yaqin ko‘makdosh bo‘layotgan uyushmagan aholi vakillari dalalarda yetishtirilgan hosilni yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmay, yig‘ib-terib olishga va oilalariga qo‘shimcha daromad keltirishga astoydil harakat qilishmoqda.

Kuzning iliq kunlaridan unumli foydalangan holda paxta hosilini nest-nobud qilmasdan yig‘ib olish muhim masalalardan biri hisoblanadi. Buning uchun tumanning barcha hududlarida ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi va paxta terimiga sentyabr oyi boshlaridanoq uyushqoqlik bilan kirishildi.

Toshyop ovulidagi Jangil Dusanova rahbarlik qilayotgan “Ozodov Musobek” fermer xo‘jaligida tumanda birinchilardan bo‘lib paxta yig‘im-terimiga kirishilgan edi. Xo‘jalikda 57 gektar maydonda paxta yetishtirildi. Bugunga kelib ushbu dalalardan 177 tonnadan ziyod paxta terib olindi. Terimchilar bir kunda 6-8 tonna hosil terib olishib, tumanning “oq oltin” xirmoni yuksalishiga munosib hissa qo‘shishmoqda.

Mazkur fermer xo‘jalik mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasi paxta -to‘qimachilik klasteri bilan jami 200 tonna paxta topshirish shartnomasini tuzgan. Ushbu shartnoma yaqin kunlarda ado etiladi. Shu maqsadda terim sur’ati kun sayin oshirilmoqda.

Aytish joizki, tumandagi barcha fermer xo‘jaliklarning texnika ta’minoti yaxshilanib, chigit ekish ishlari zamonaviy seyalkalar yordamida amalga oshirilgani, dalalar o‘z vaqtida ekishga tayyorlanib, tobida chigit ekilgani bugungi mo‘l hosilning asosi bo‘ldi. Suvdan oqilona foydalanilgani, mineral o‘g‘itlar bilan o‘z vaqtida ishlov berilgani natijasida hamda dehqonlarning fidokorona mehnati evaziga dalalarda mo‘l hosil to‘planishiga erishildi.

Tumanda 2023 yil paxta yig‘im-terimini optimal muddatlarda amalga oshirish maqsadida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan edi. Shunga ko‘ra 310ta terim otryadi tashkil qilinib, ularga tajribali mutaxassislardan iborat rahbarlar tayinlandi.

Otryadlarga paxta-to‘qimachilik klasteri va fermer xo‘jaliklarining jami 25 ming 682 nafar terimchilari, har bir otryadga o‘rtacha 82 nafar terimchidan jalb qilindi. Shuningdek terimchilarga o‘z vaqtida terim pullarini berib borish maqsadida bank xodimlari biriktirilgan.

Yig‘im-terim tobora qizg‘in pallaga kirayotgan ayni paytda dala mehnatkashlari uchun qulay ish va dam olish sharoiti yaratilgani “Ozodov Musobek” fermer xo‘jaligi terimchilariga ham g‘animat kunlardan unumli foydalangan holda samarali mehnat qilish imkonini bermoqda.

Paxta yig‘im-terimi sur’atini oshirish va terimchilarni rag‘batlantirish maqsadida mazkur fermer xo‘jaligidagi ilg‘or terimchilar 4-sektor rahbariyati va fuqarolar yig‘ini tomonidan rag‘batlantirildi.

4-sektor rahbari hamda Toshyop ovul fuqarolar yig‘ini raisi paxtakorlarga kuch-g‘ayrat tilab, ilg‘or terimchilar ­– Nodira Haytboyeva, Sayyora Yo‘ldosheva,Feruza Qurbonboyeva, Navbahor Jabborberganova, Gulnoza Yo‘ldosheva, Shirin Xudoyberganova, Bog‘dagul Kamolova, Rabiga Sobirovalarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Shu kuni paxta terimchilar uchun dala boshida osh tortilib, san’atkorlar ijrosida konsert dasturi namoyish etildi.

Sevara Ismoilova