Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 65-sessiyasi to‘g‘risida axborot

Туман янгиликлари

2023 yil 6 oktyabr kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi – 65-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyani Xalq deputatlari tuman Kengashi raisining o‘rinbosari G‘ulomjon Eshniyozov ochdi va olib bordi. Sessiya kotibligiga 28-Daryobo‘yi saylov okrugidan deputat Akbar Rajabov saylandi.

Sessiyada deputatlar, tuman hokimi o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, bo‘limlar, tashkilotlar rahbarlari, mahallalardagi hokim yordamchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyada dastlab “Tashabbusli budjet” jarayonining 2023 yil ikkinchi mavsumining yakuni to‘g‘risida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Rashid Salayev hisobot berdi.

Hisobotda ta’kidlanganidek, tumanda tashabbusli budjet jarayonining joriy yildagi ikkinchi mavsumi uchun “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga mahalliy budjet mablag‘lari va qo‘shimcha manbalardan jami 9 mlrd. 291 mln. 700 ming so‘m mablag‘lar shakllantirilgan.

Iqtisodiyot va Moliya vazirligi tomonidan ochilgan Ochiq budjet (openbudjet.uz) portalida 2023 yil 17 iyuldan 7 avgustga qadar bo‘lgan davrda tuman fuqarolari tomonidan jami 116ta tashabbus kiritilgan. Ovoz berish yakuniga ko‘ra, 7ta tashabbus “g‘olib” deb topilib, ushbu tashabbuslarning jami qiymati 9 mlrd. 240 mln. so‘mni tashkil qiladi.

Shundan keyin tuman hokimligi Bolalarni himoya qilish sho‘basining 2023 yil uchinchi choragi davomida amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risida sho‘ba rahbari Jahongir Xolmurodov hisobot berdi. Ta’kidlanganidek, tuman aholisining umumiy soni 207 ming 483 nafar bo‘lib, shundan voyaga yetmaganlar 76 ming 5 nafarni tashkil qiladi. Hozirgi kunda tumanda jami 134ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, muassasalarga 12 ming 237 nafar bolalar qamrab olingan. Mavjud 85ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida esa jami 38 ming 476 nafar bolalar ta’lim-tarbiya olib kelishmoqda.

Sessiya ishida tumanda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularning profilaktikasini tashkil etish bo‘yicha 2023 yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig'i o‘rinbosari Sharaf Joldosboyevning hisoboti tinglandi.

Hisobotda qayd etilganidek, joriy yilning 9 oyi davomida tumanda umumiy jinoyatchilik tahlil qilinganida, o‘tgan yilga nisbatan 190dan 184taga, jinoyat qidiruv yo‘nalishida 132dan 126taga, boshqaruv va iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar 33dan 25taga kamaygan, boshqa sohadagi jinoyatlar esa 25dan 33ga oshgan.

Jami sodir etilgan 184ta jinoyatlarni sektorlar kesimida tahlil qilinganida 1-sektor hududida 56ta, 2-sektor hududida 60ta, 3-sektor hududida 28ta, 4-sektor hududida 40ta jinoyatlar sodir qilingan.

Sessiyada tuman hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburovaning ham hisoboti tinglandi. Ta’kidlanganidek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida mamlakatimiz iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi hamda bandligini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash, “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, birinchi toifa bo‘yicha ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz 1 ming 943 nafar ehtiyojmand xotin-qizlardan 1 ming 732 nafarining bandligi ta’minlandi, 183 nafar xotin-qizlar doimiy ishga joylashtirildi, 105 nafar xotin-qizlar jamoat ishlariga jalb etildi, 174 nafar xotin-qizlar kasb-hunarga o‘qitildi, 1 ming 270 nafar xotin-qizlar esa o‘zini-o‘zi band qilib, bandligi ta’minlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi 338-sonli Qarori asosida 823 nafar xotin-qizlarga tavsiyanoma berildi. Shundan, 13 nafar xotin-qizlar Oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida talabalikka tavsiya etildi.

Sessiyada tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabov aholidan kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilgan holda, hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligini o‘rganish yakunlari to‘g‘risidagi masala yuzasidan axborot berdi. Axborotda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga 2023 yil 30 sentyabr sanasiga qadar tuman aholisi tomonidan jami 3335ta masalalar bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan. Shundan 3075tasi ko‘rib chiqilgan bo‘lib, 2489tasi qanoatlantirilgan, 1431tasi ijobiy hal qilingan.

Sessiyada Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Kun tartibidagi barcha masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi. Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati