Tuman boʻyicha jami 1777 gektar maydonga piyoz, sarimsoqpiyoz kabi ekinlar toʻqsonbosti usulida ekiladi

Туман янгиликлари

Shu kunlarda tumanimizga yo‘lingiz tushsa, dala maydonlaridagi qizg‘in ish jarayonlarining ustidan chiqasiz. Qaysi manzilga boqmang, keyingi yil hosili uchun ekin ekayotgan, joriy yildagi hosilni esa yig‘ishtirib olayotgan mirishkor-dehqonlarga ko‘zingiz tushadi. Ular shu kunlarda asosiy va takroriy ekinlar hosilini yig‘ib-terib olish barobarida to‘qsonbosti usulida ekinlar ekishga ham taraddud ko‘rmoqdalar.

Tumanimiz aholisining ertaki sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish maqsadida hosildan bo‘shagan maydonlarga sovuqqa chidamli piyoz va sarimsoqpiyoz kabi ekinlarni to‘qsonbosti usulida ekish ishlari boshlanmoqda.

Buning uchun kuzda asosiy ekinlardan bo‘shagan maydonlarni sifatli haydab, sovuqqa chidamli ekinlarni o‘z vaqtida ekish muhim masala sanaladi. Bu o‘z navbatida ekin maydonlari va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish hajmlarini ko‘paytirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda aholining moddiy manfaatdorligini oshirishda muhim vositalardan biridir.

6 oktyabr kuni Choyko‘l ovulida faoliyat yurituvchi “Arslon Maqsudov” fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini ekish hamda shu usulda ekilgan ekinlarni parvarishlashning muhim jihatlari xususida seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining Departament boshlig‘i Komiljon Sobirov, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi rahbari Husniddin Karimov, mazkur agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi rahbari Holdor Achilov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Daryabay Qaypov, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, ovul hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari qatnashdilar.

Seminarda 2024 yil hosili uchun fermer va dehqon xo‘jaliklarida joriy yilda piyoz va sarimsoqpiyoz ekinlarini ekish parametrlari, muddatlari va bu boradagi ustuvor vazifalar haqida tushunchalar berildi.

Shuningdek, mutaxassislar tomonidan ekin maydonlaridan samarali va unumli foydalanish, urug‘lik va mineral o‘g‘itlarni tanlash hamda ishlatish, ularning xususiyatlarini bilish, ekish muddatlarini aniqlash kabi masalalar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Seminarda so‘zga chiqqan mutaxassislar va soha ilg‘orlari sovuqqa chidamli bo‘lgan piyoz, sarimsoqpiyoz kabi ekinlarni to‘qsonbosti usulida yetishtirish orqali ulardan yaxshigina daromad olish mumkinligi haqida aytib o‘tdilar.

Aytish joizki, keyingi yillarda respublikada tumanlarning ixtisoslashuvini, mintaqalarning tuproq-iqlim sharoitlari va suv bilan ta’minlanganligini hamda boshqa omillarni e’tiborga olgan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirishga alohida e’tibor berib kelinmoqda. Shundan kelib chiqqan holda bu yil tuman bo‘yicha jami 1777 gektar maydonga piyoz, sarimsoqpiyoz kabi ekinlarni to‘qsonbosti usulida ekish rejalashtirilgan.

Seminarda ishtirokchilarga ekinlarni to‘qsonbosti usulida ekish va parvarishlash bo‘yicha zarur tavsiyalar va tushuntirishlar berildi. Shuningdek, bu bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlar haqida so‘z yuritildi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati